MDH mamlakatlari sanoat siyosati bo‘yicha umumiy yondashuvlarni belgilab oldi
Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida MDH ishtirokchi davlatlari Sanoat siyosati bo‘yicha kengashining o‘n ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qozog‘iston, Rossiya va Tojikiston delegatsiyalari, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi vakillari hamda sanoat sohasiga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston nomidan yig‘ilishda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ahadjon Isoqjonov boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.
Tadbirda ishtirokchilar sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, xavfsiz ishlab chiqarishni ta’minlash, yuqori texnologiyalarni keng joriy etish hamda davlatlar o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Ta’kidlanganidek, zamonaviy iqtisodiy sharoitda sanoat sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash mamlakatlarning raqobatbardoshligini oshirish va texnologik taraqqiyotni jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yig‘ilishda og‘ir mashinasozlik sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalasiga ahamiyat qaratildi. Shu maqsadda mazkur yo‘nalishda qabul qilingan kelishuvlarni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ma’qullandi. Mazkur hujjat ishlab chiqarish kooperatsiyasini mustahkamlash, innovatsion yechimlarni joriy etish va korxonalar o‘rtasida tajriba almashinuvini rivojlantirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, fuqarolik kemasozligi va kema jihozlari ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Mutaxassislar ushbu sohada qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bo‘yicha tajriba almashish muhimligini qayd etdi.
Yig‘ilishda MDH davlatlarida elektron sanoatni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik konsepsiyasi va uni amalga oshirish chora-tadbirlari ham tasdiqlandi. Qayd etilganidek, elektron sanoatning rivojlanishi raqamli iqtisodiyotni kengaytirish, innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish va texnologik mustaqillikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, innovatsiyalar transferini rag‘batlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish MDH mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Shu ma’noda ishtirokchi davlatlar sanoat siyosati bo‘yicha umumiy yondashuvlarni shakllantirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita axborot xizmatining xabar berishicha, MDH ishtirokchi davlatlari Sanoat siyosati bo‘yicha kengashining navbatdagi yig‘ilishi 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladi.
N.Ziyodullayeva. O‘zA