Maxsus komissiya: Toshkentda boshlangan choralardan so‘ng havo sifati yaxshilana boshladi
Prezident farmoniga ko‘ra, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Maxsus komissiya tuzilgan edi. Ayni kunlarda ushbu komissiya havo sifatini yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlarni izchillik bilan olib bormoqda.
Bu bo‘yicha brifinglar tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi, Maxsus komissiya rahbari Aziz Abduhakimov olib borilayotgan ishlar va natijalar xususida ma’lumotlar taqdim etib bormoqda.

Ma’lum qilinganidek, ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar boshlangandan buyon qisqa vaqt ichida natija sezila boshlandi. Maxsus komissiya tuzilishi, keng ko‘lamdagi reydlar, Toshkent shahrida boshlangan choralardan so‘ng havo sifati yaxshi tomonga o‘zgardi.
Navbatdagi brifingda A.Abduhakimov Toshkent keng ko‘lamli urbanizatsiya jarayonini boshdan kechirayotganini qayd etib, quyidagilarni ma’lum qildi:
— O‘zbekiston hozirgi kunda yuqori sur’atlarda rivojlanib bormoqda. YAIMning o‘rtacha yillik o‘sishi 6-7 foizni tashkil etmoqda. Toshkent shahri esa keng ko‘lamli urbanizatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda. Misol uchun, agar 1991-2016 yillarda har yili o‘rtacha 2 ming 200 ta kvartira qurilgan bo‘lsa, 2017-2023 yillarda bu ko‘rsatkich 15 ming 800 taga yetdi.
Poytaxtda avtomobillar soni ham keskin o‘smoqda. Bu ko‘rsatkich 2020 yilgi 417 mingdan bugungi kunda 624 minggacha ko‘paygan, — dedi Maxsus komissiya rahbari.
Atmosfera sifatini yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar qat’iy davom ettirilmoqda.
Muhtarama Komilova,
O‘zA