Mavlud ulamolarni birlashtirdi
Ayni kunlarda koinot sultoni, olamlar sarvari, ko‘zimiz nuri, qalbimiz sururi, boshimiz toji Muhammad sollallohu alayhi va sallamning muborak tavallud sanalari – Rabiul avval oyi butun dunyo bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
O‘zini musulmon bilgan kishi borki, Alloh taoloning «Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey mo‘minlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom aytingiz!» (Ahzob surasi, 56-oyat) oyatiga muvofiq, mavlud oyining har soniyasini g‘animat bilib, habibimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga salavot, salom va durudlar aytmoqda.
Bu oy butun Islom ummatini bir so‘z – “Allohumma solli ’ala sayyidina Muhammadin va ’ala aalihi va ashabihi ajma’in” – atrofida jipslashtirdi. Chunki qalbida imoni bor kishi Nabiy alayhissalomning: «Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh taolo unga o‘n marta salavot aytadi» (Imom Muslim rivoyati), degan so‘zlarini chuqur idrok etib, unga og‘ishmay amal qiladi va buning natijasida ulkan savoblarni qo‘lga kiritadi.
Kuni kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligidagi bir guruh ulamolarning “Siyrat oqshomi”dagi ma’ruzalari qalblarimizni sel qilgan bo‘lsa, bugun, muborak juma kuni Hindistonning Kerala shtatidagi “Sunniy madaniyat markazi” tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro mavlud anjumani onlayn tarzda efirga uzatilgani barchamizni xushnud etdi.
Eng quvonarlisi, bugungi xalqaro mavlud anjumanida butun dunyodan qatnashgan mashhur shayxlar, ulamolar qatorida yurtimizning taniqli ulamosi, Sayyid Rahmatulloh Termiziy domla ta’sirchan ma’ruzasi bilan barcha musulmonlarni lol qoldirdi.
Shu bilan birga, ustoz Rahmatulloh domla Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiydek zabardast ulamolarning munosib vorisi ekanini amalda isbotladi.
Toshkent shahar Yunusobod tumani bosh imom-xatibi, “Mirza Yusuf” jome masjidi imom-xatibi Sayyid Rahmatulloh domlaning “Odamlar orasida unsu ulfat hosil qilish yo‘li va bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ta’limotlari” mavzusidagi arab tilida qilgan ma’ruzasini dunyoning turli burchaklaridagi musulmonlar katta ishtiyoq bilan tinglashdi.
Butun dunyo bo‘ylab keng nishonlanayotgan muborak mavlud oyi barchamizga muborak bo‘lsin. Alloh taolo bu oy sharofatidan, habibimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning hurmatlaridan yurtimizni tinch qilsin, jahondan, xususan, yurtimizdan koronavirus balosini daf etsin, omin!
Tolibjon NIZOM