Mavjud ko‘priklarning 32 foizi qoniqarsiz holatda
Parlament quyi palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlarning savollari, taklif va tavsiyalari ko‘rib chiqilgan holda loyihaga ko‘plab o‘zgartishlar kiritildi. Jumladan, birinchi o‘qishda fraksiya tomonidan sport va aholini sog‘lomlashtirish ishlariga byudjetdan ajratilgan mablag‘ kamligi qayd etilgan edi.
Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida ushbu e’tirozlar inobatga olinib, sohaga yana qo‘shimcha 54 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi.

Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasidan o‘quvchi yoshlarning kutubxonadan kechki vaqtda foydalanishlariga sharoit yaratish maqsadida byudjetdan tashqari axborot kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi xarajatlari 1,2 milliard so‘mga ko‘paytirildi.

Muhokamalar davomida deputatlar partiya pozitsiyasidan kelib chiqib fikrlar bildirdi. Jumladan, fraksiya a’zosi Jahongir Mamajonov maktabgacha va maktab, oliy ta’limni laboratoriya, xususan, virtual laboratoriya jihozlari bilan ta’minlashga mablag‘ ajratilmayotganiga e’tibor qaratdi. Bunga javoban mutasaddilar 2024 yilda birgina laboratoriyalar uchun reaktivlar sotib olishga 15 milliard so‘m ajratilgani, bu mablag‘lar mahalliy byudjet parametrlarida turishini, o‘tgan yili bu mablag‘ 11 milliard so‘mni tashkil qilganini ma’lum qildi. Maktablarni elektron, ya’ni virtual doskalar bilan ta’minlash masalasi ham bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani aytildi.

Shuningdek, deputatlar yo‘l infratuzilmasiga ham e’tibor qaratib, O‘zbekistonda 14 ming 863 ta ko‘prik borligi, shundan 32 foizi, ya’ni 4 ming 834 tasi qoniqarsiz, 5-6 foizi esa yaroqsiz holatda ekanligini qayd etdilar.

Joriy yilda davlatimiz rahbari tomonidan avariya holatidagi ko‘priklarni tiklash bo‘yicha alohida qaror qabul qilingan va unda 2024 va keyingi yillarda davlat byudjetidan zarur mablag‘larni ajratish belgilangan. Bu bo‘yicha alohida dastur qabul qilingan va unda kelgusi yilda 226 ta ko‘prikni tiklash ko‘rsatilgan.

Ammo 2024 yilgi byudjetda 27 ta eski ko‘prikni ta’mirlashga pul ajratilishi belgilangan xolos. Fraksiya a’zolari qolgan ko‘priklar qaysi mablag‘ hisobidan ta’mirlanishi bilan qiziqdilar va mutasaddilardan batafsil javob oldilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA