Matbuot nufuzini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi
Nurafshon shahrida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyat bo‘limining 2022-2025-yillardagi faoliyatiga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda uyushma a’zolari, viloyat, tuman va shahar gazetalari tahririyatlari bosh muharrirlari, faxriy jurnalistlar, yosh ijodkorlar hamda uyushma qoshida faoliyat yuritayotgan ijodiy to‘garaklar ishtirokchilari, viloyat boshqarma va tashkilotlarining axborot xizmatlarida faoliyat olib borayotgan jurnalistlar qatnashdilar.
Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, uyushmaning viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi R. Sheraliyev hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar, sohada erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor vazifalar xususida axborot berdi. Shuningdek, taftish komissiyasi raisi T.Hakimov tashkilot mablag‘laridan foydalanish holati va samaradorligi yuzasidan hisobot taqdim etdi.
Bugungi kunda viloyatda jami 24 ta bosma nashr mavjud bo‘lib, ularning 2 tasi viloyat, 22 tasi tuman va shahar gazetalaridir. 1 ta davlat teleradiokanali va 1 ta NNT media markazi, 10 ga yaqin internet nashrlar faoliyat olib boradi.

Bo‘lim faoliyatini samarali tashkil etish, moddiy texnika bazasini mustahkamlash, faxriy jurnalistlarni hamda faoliyat olib borayotgan ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida olib borayotgan sa’y-harakatlar natijasida 2022-2025-yillarda viloyat hokimligi tomonidan 846,5 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilishiga erishildi.
Mablag‘lar ommaviy axborot vositalari xodimlari va ijtimoiy tarmoq faollari ishtirokida o‘tkazilgan sport musobaqalariga, “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga, faxriy jurnalistlarning tavallud kunlarini nishonlashga, faxriylarni obuna qilish kabi tadbirlarga yo‘naltirilgan.
Jarayonda uyushmaning boshqaruv a’zolari va taftish komissiyasining yangi tarkibi shakllantirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining respublika konferensiyasida ishtirok etadigan delegatlar saylandi. Muhokamalarda O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, faxriy jurnalistlar Ozod Xushnazarov va Hanifa Zokirova, “Toshkent haqiqati” va “Tashkentskaya pravda” gazetalari bosh muharriri To‘xtamurod Hasanboyev, “Mash’al” gazetasi bosh muharriri Otabek Isroilov, publitsist va shoira Saodat Musayeva hamda boshqa ishtirokchilar viloyat bo‘limining to‘rt yillik faoliyati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Toshkent viloyatidagi OAV vakillarini doimiy qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyat bo‘limi raisi Rahmatilla. Sheraliyev. – Buning uchun 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” hamda yillik, haftalik ish rejalarimiz bor. Bugungi hisobot yig‘ilishida ham sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, ijodiy to‘garaklar faoliyatini yanada jonlantirish, viloyat jurnalistlari antologiyasini yaratish ishlarini yakunlash, jurnalist va publitsistlarning kitoblarini nashr etish hamda ularning taqdimotlarini tashkil etish, ustoz-shogird an’analarini mustahkamlash, uyushma safini iqtidorli va tashabbuskor yosh jurnalistlar hisobiga kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda jurnalistikaning oldida turgan muhim vazifalardan biri milliy matbuotning nufuzini oshirish, ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va sohaga zamonaviy bilim hamda qarashlarga ega bo‘lgan yosh kadrlarni keng jalb etishdir.
Hisobot yig‘ilishida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov so‘zga chiqdi.
A.Musayev, O‘zA