Matbuot kotiblari uchun o‘quv-seminar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tumanlar va shaharlar hokimliklari axborot xizmatlari rahbarlari uchun maxsus o‘quv-seminarning birinchi bosqichi yakunlandi.
Xabar berilganidek, seminar ikki bosqichda tashkil etildi: 9-11 mart kunlari 109 nafar, 11-13 mart kunlari esa 111 nafar matbuot kotibi o‘qitiladi.
O‘quv-seminarning uchinchi kunida “Yagona axborot siyosatini yuritishda axborot xizmatlariga qo‘yiladigan asosiy talablar hamda matbuot kotiblari faoliyatini baholashning o‘ziga xos jihatlari”, “Axborot makoni tahlili, tanqidiy materiallar bilan ishlash hamda krizis holatlarini boshqarish”, “Axborot kampaniyalarini muvaffaqiyatli tashkil qilishda media rejalashtirishning o‘rni” kabi yo‘nalishlarda taqdimotlar o‘tkazildi.
O‘quv-seminarlar davomida olingan bilim va ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llash, tizim va reja asosida ishlash, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan muntazam muloqotlar tashkil etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Agentlik binosida tinglovchilarga maxsus sertifikatlarni topshirish marosimi o‘tkazildi. Unda AOKA direktori Asadjon Xo‘jayev ishtirok etdi va matbuot kotiblari bilan suhbatlashdi.
– Axborot makonida to‘g‘ri faoliyat yuritish bugun har qachongidan ko‘ra murakkab va muhimdir, – dedi Asadjon Xo‘jayev. – Chunki zamonaviy kommunikatsiyalar vositasida axborot hajmi ortdi, axborotni uzatish tezlashdi. Bugun davlat organlari jim turadigan vaqt emas, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlardagi materiallarga o‘z vaqtida izoh berilmasa, turli mish-mishlar, noxolis axborotlarga yo‘l ochib beriladi. Shuning uchun ham matbuot kotiblari tezkor, bilimli va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan bo‘lishi shart. O‘quv-seminardan ko‘zlangan maqsad ham matbuot kotiblarining bilim va tajribasini oshirishdir. Bu boradagi ishlar Agentlik tomonidan izchil davom ettiriladi.
Muloqotda tadbirning bir qator ishtirokchilari – matbuot kotiblari so‘zga chiqib, tashkil etilgan o‘quv-seminar uchun minnatdorlik bildirdi.
– Bugun axborot sohasi vakillari uchun seminarlar, tadbirlar ko‘p, – dedi Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Azizjon Abduvaliyev. – Bu yerga kelishimizdan oldin uch kunlik seminar biz uchun foydali bo‘larmikan, deb o‘ylagan edik. Biroq ko‘rdikki, o‘quv barcha matbuot kotiblari uchun birdek samarali bo‘ldi. Agentlik mutaxassislari hamda taklif etilgan trenerlar biz uchun nihoyatda foydali va qiziqarli ma’lumotlarni berdi. Bilmaganlarimizni bildik, yaxshi bilim hamda tajribalarga ega bo‘ldik. Ushbu seminar faoliyatimizda asqatishi aniq. Seminar yakunida tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.