Mas’uliyatni yurakdan his qilmoqdamiz
Maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning boshlang‘ich bo‘g‘inidir. Shu bois, maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirishga davlat siyosati darajasida qaralib, 2017 yildan buyon bu tizimda qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, oxirgi to‘rt yilda bog‘chalar soni 5 ming 211 tadan
18 ming 300 taga, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi ikki barobar ortib, 27,7 foizdan 60,9 foizga oshdi. Davlat tomonidan berilgan imkoniyat va imtiyozlar natijasida xususiy va oilaviy bog‘chalar ham ko‘paydi. bugungi kunda respublika bo‘ylab maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 1 million 700 ming nafar bola tarbiyalanmoqda. Vaholanki, 2017 yilda 708 ming nafar bola maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan edi.
Ammo, yurtboshimiz tomonidan joriy yilning 24 mayida hududlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari qamrovini kengaytirish masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bu ishlar hali yetarli emas. Respublikaning 53 ta tumanida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini barpo etish, ta’lim sifatini yanada takomillashtirishimiz zarur, maktabgacha ta’lim bilan bolalar qamrovini oshirishimiz kerak.
Yurtboshimiz tomonidan vazirlik oldidagi yana bir qator vazifalar belgilab berildi, bularni amalga oshirishimiz uchun butun tizim xodimlari sidqidildan yondashadi. Axir, davlat rahbari bizga qamrovni oshirish bo‘yicha qator imtiyozlarni belgilab berdi, bundan benihoya xursandmiz, xalq manfaati yo‘lida mas’uliyat bilan ishlashga butun jamoamiz bilan kirishamiz, maktabgacha ta’lim tizimida mehnat faoliyatini yuritayotgan barcha xodimlar mas’uliyatni his qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yurtboshimiz taklifiga binoan mazkur 53 ta tumanda 34 ming o‘rinli 2 mingta oilaviy bog‘cha tashkil etish choralari belgilandi. Bu bog‘chalarda qo‘shimcha ishchi o‘rinlar ochilishiga zamin bo‘ldi.
Tanqid insonni o‘z faoliyatini tubdan isloh qilishga undaydi, biz ham sohadagi kamchiliklarimizni yana bir bor tahlil qildik, ularni bartaraf etish, maktabgacha ta’lim qamrovi va sifatini oshirish masalalari soha mutaxassislari bilan keng muhokama qilindi.
Darvoqe, davlatimiz rahbari yana bir imtiyoz eshigini ochib berdilar, ya’ni ta’lim-tarbiya sifatini oshirish maqsadida oilaviy bog‘chalarga o‘quv qo‘llanma va metodik materiallarning bepul berilishi uchun davlat tomonidan 30 milliard so‘m ajratilishi belgilandi hamda moddiy- texnik bazasini takomillashtirish maqsadida 5 foiz stavkada 30 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi.
Olis hududlarda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirishning yana bir manbasi davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalardir. bugungi kunda bunday muassasalarda bir bola uchun 50 foiz xarajatlar subsidiya qilib kelinmoqda. Yig‘ilishda ushbu subsidiya miqdorini 75 foizga yetkazish, xususiy bog‘chalarning elektr energiyasi va tabiiy gaz to‘lovining 50 foizini davlat byudjetidan qoplash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, pandemiya sababli to‘liq quvvatda ishlamagan davlat-xususiy sheriklik bog‘chalarning kreditlari bo‘yicha asosiy qarz to‘lovi muddati ham yil yakuniga qadar uzaytirildi.
Albatta, bu kabi imtiyozlardan so‘ng nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini barpo etgan tashabbuskorlarning shijoati yanada oshadi. Biz, maktabgacha ta’lim sohasi xodimlari tashkil etiladigan oilaviy bog‘chalarda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan dasturlarni yaratamiz va tadbirkorlarga bu borada ko‘maklashamiz.
Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining sonini ko‘paytirish bilan birga, davlat byudjeti tomonidan yangi bog‘chalar qurish ishlari ham davom ettirilmoqda. 2021-2022 yillarda 23 ta tumanning olis va chekka hududlarida 50 ta maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etish rejalashtirilgan. Buning uchun qamrov darajasi eng past va bolalar soni 250 tadan oshgan 50 ta mahalla tanlab olingan.
Ko‘rinib turibdiki, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni ko‘paygani sari, pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ham oshadi.Shuni inobatga olgan holda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 12 ming nafar xodimini o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etish belgilandi.
Maktabgacha ta’lim tizimi uzluksiz ta’limning birlamchi, eng asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Mutaxassis va pedagoglarning ilmiy xulosalariga ko‘ra, inson o‘z umri davomida oladigan barcha axborot va ma’lumotning 70 foizini 7 yoshgacha bo‘lgan davrda oladi. Ana shu dalilning o‘zi bolalarimizning yetuk va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishida maktabgacha ta’lim tarbiyasi qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.Buning mas’uliyatini biz yurakdan his qilyapmiz.
Agrippina Shin,
O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri
O‘zA