Mas’uliyatni unutgan otalar
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyatining Mingbuloq tumani sudida farzandi moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlagan ayrim otalarning huquqbuzarliklari ko‘rib chiqildi.
Fuqaro U. Q. turmush o‘rtog‘i bilan 2019 yilda ajrashgan. Bir nafar farzandi ona qaramog‘ida qolgan. Sudning qaroriga ko‘ra har oyda aliment to‘lashi majburiyati yuklatilgan. Biroq, qarzdor ota Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Mingbuloq tumani bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan bir necha bor ogohlantirishga qaramay to‘lovni paysalga solib keladi. Natijada, qarzdorlik salkam 18 million so‘mga yetadi. Bo‘lib o‘tgan sud jarayonida huquqbuzarga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining qaroriga asosan fuqaro F. B. dan undiruvchi M. O‘. ning foydasiga bir nafar voyaga yetmagan bola uchun har oyda aliment undirish belgilangan. Ammo, qarzdor ota bo‘ynidagi majburiyatini unutdi. Hozirda qarzdorlik 21 million 461 ming so‘mdan oshgan. Unga nisbatan ham o‘tkazilgan sudning yakuniy qarori bilan 15 sutka ma’muriy jazo tayinlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA