Masofaviy taʼlim: amaliyot va tajriba...
Prezidentimizning qatʼiy pozitsiyasi, xalqsevar siyosati bugun yana-da yaqqol namoyon boʻldi.
Prezidentimizning qatʼiy pozitsiyasi, xalqsevar siyosati bugun yana-da yaqqol namoyon boʻldi. Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining aholi oʻrtasida keng tarqalib ketishining oldini olish, ona xalqimizni bunday ogʻir sinovdan sogʻ-omon olib oʻtish uchun barcha zarur va keskin choralar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, shunday damlarda ishsiz, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash, saxovat ishlarini umumxalq harakatiga aylantirish borasidagi tashabbuslarga yurtdoshlarimiz xayrixoh boʻlayotgani ham buni koʻrsatib turibdi.
Shunday kunlarda uyda oʻtirgan yoshlarimizning internet orqali dizaynerlik, tarjimonlik, dasturlash, reklama, repetitorlik kabi xizmatlar koʻrsatayotgani ibratli boʻlmoqda. Demak, aqliy mehnat orqali daromad topish mumkinligini ular amalda isbotlamoqda. Institutimizda tahsil olayotgan yoshlar orasida bundaylar juda koʻp. Ular ana shunday imkoniyatlarni ishga solgani holda bir qator istiqbolli loyihalar ustida ish olib bormoqda.
Oliy taʼlim maskanimizda oʻquv jarayonini uzluksizligini taʼminlash va talabalarning bilim olish darajasini masofadan turib metodik qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2019/2020 oʻquv yili bahorgi semestr fanlari boʻyicha masofaviy taʼlim tizimi toʻliq yoʻlga qoʻyildi. https://dist.edu.uz/farpi masofaviy taʼlim tizimiga institutning 34 ta taʼlim yoʻnalishi hamda 13 ta magistratura mutaxassisliklari uchun 506 ta fandan oʻquv adabiyotlari, oʻquv-uslubiy majmualar va boshqa manbalar professor-oʻqituvchilari tomonidan platformaga joylashtirilyapti.
Hozirgi kunga qadar 8 ming 860 nafar talaba roʻyxatdan oʻtib, oʻz yoʻnalishlari boʻyicha uyda boʻlgan holda taʼlimni davom ettirmoqda.
Masofaviy taʼlim qamrovini oshirish uchun talabalar uchun masofaviy taʼlim platformasidan foydalanish boʻyicha video yoʻriqnomalar ishlab chiqildi. Shuningdek, institut professor-oʻqituvchilari tomonidan vebinar texnologiyalari asosida maʼruzalar tashkil etish boshlandi. Maʼruzachi oʻqituvchilar masofadan turib ishlash, oʻqish va muloqot qilishga moʻljallangan Zoom dasturiy vositasi hamda Belorusning bepul yangi Nevermeet videokonferensiya tizimidan foydalangan holda videokonferensiya koʻrinishida maʼruzalar oʻtishni boshladi.
Professor-oʻqituvchilar talabalar bilan turli masofaviy koʻrinishlarda, jumladan, masofaviy taʼlim platformasi, telegramm guruhlari, kanallari va boshqa tizimlar orqali on-line tarzda muloqotga kirishib, fanlar boʻyicha tegishli mavzularni muhokama qilgan holda talabalarga maslahatlar berib bormoqda.
Oʻquv yilining bu davriga kelib bitiruvchi kurs talabalari oʻquv mashgʻulotlari deyarli yakunlangan. Shundan kelib chiqib, yakuniy davlat attestatsiyasini davlat imtihoni shaklida (on-layn test sinovlari, on-layn himoya va boshqa shakllarda) oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Taʼlimni oʻzlashtirishni nazorat qilish va statistik maʼlumotlarni toʻplash boʻyicha masofaviy taʼlim platformasiga oʻrnatilgan Kopere Dashboard moduli yordamida avtomatik ravishda shakllantirilmoqda.
Masofaviy taʼlimni yoʻlga qoʻyish ishlari bevosita Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi rahbariyatining buyruq va koʻrsatmalari, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi hamda vazirlik huzuridagi Taʼlim muassasalarida elektron taʼlimni joriy etish markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, talabalarimiz uyda oʻtirish bilan cheklanib qolmasdan tomorqa ishlariga ham koʻmak beryapti. Kitob mutolalasi, sport bilan shugʻullanmoqda. Albatta bu kabi saʼy –harakatlar yoshlarimizning sifatli taʼlim olishi, karantin qoidalariga amal qilishiga xizmat qilmoqda.
Oybek Otaqulov,
Fargʻona politexnika instituti rektori