“Masofaviy audit” tizimidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi
Toshkent shahar hokimligida ijtimoiy soha muassasalari hamda byudjet tashkilotlari rahbar va mas’ul xodimlari uchun davlat auditi va moliyaviy nazorat faoliyatini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda sohada raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish, “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

“Vaziyatlar markazlari”ni tashkil etish orqali risklarni barvaqt aniqlash, byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishdagi shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish, davlat xaridlarida qonunchilikka rioya etish hamda davlat dasturlari doirasida ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, infratuzilmaviy loyihalarni belgilangan muddat va sifatda amalga oshirish muhim vazifalar sifatida ta’kidlandi.

Seminar yakunida ishtirokchilarga qonunbuzilishlarning oldini olish va byudjet intizomini mustahkamlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA