Markaziy Osiyoda yoshlar tashabbuslariga e’tibor kuchaytirilmoqda
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi huzurida faoliyat yuritayotgan Yoshlar maslahat kengashi a’zolari bilan navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot davomida yoshlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtiroki, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan xalqaro tashabbuslarda yoshlar faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda UNOPS hamda DIHR tashkilotlari vakillari ham qatnashib, yoshlarning inklyuziv ishtiroki, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va mazmunli muloqot muhitini shakllantirish yuzasidan fikr va takliflar bildirdi.
Tomonlar ta’kidlaganidek, yoshlarning siyosiy va ijtimoiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy taraqqiyotga doir tashabbuslarda ularning o‘rnini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.
Uchrashuv yakunida galdagi rejalar belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA