Markaziy Osiyoda yagona korxona
Jizzax shahridagi “Sofitel” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston – Xitoy qoʻshma korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur boʻlmoqda.
Jizzax shahridagi “Sofitel” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston – Xitoy qoʻshma korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur boʻlmoqda.
Mahalliy xom ashyodan metall va matolarga rang beruvchi ultramarin boʻyoqlari ishlab chiqaruvchi mazkur korxona Markaziy Osiyoda yagonadir.
Mazkur korxonaga Xitoy “Zhongtian Shandong” kompaniyasining 1,6 million AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyasi, “Oʻzsanoatqurilishbank”ning 6,5 million dollarlik krediti, tadbirkorning 2 million dollar hajmdagi mablagʻi yoʻnaltirilgan.
Ishlab chiqarish sexlari Xitoyning eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy texnologiyalari, asbob-anjomlari bilan jihozlangan. Shu yilning oktyabr oyida birinchi navbati ishga tushirilgan korxona yiliga 4 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
– Korxonamizda mahalliy xom ashyo – kalsiy sodasi, oltingugurt, kaolin, kvars qumi kukuni va koʻmirdan boʻyoq mahsuloti ishlab chiqariladi, – deydi “Sofitel” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona menejeri Qobil Komilov. – Kalsiy sodasi Qoraqalpogʻiston Respublikasidan, oltingugurt Muborak gazni qayta ishlash zavodidan, kaolin Angrendan, koʻmir Toshkentdan, kvars qumi kukini esa Forishdan keltirilmoqda. Ishlab chiqarishda mahalliy xom ashyodan keng foydalanilayotgani mahsulot tannarxini arzonlashtirish imkonini bermoqda.
Qoʻshma korxonada tayyorlanayotgan mahsulot 100 foiz eksportga yoʻnaltiriladi. Yaqinda qoʻshma korxona Xitoyning “Shandong Zhjngtian Qunaing New Material” CO.LTD kompaniyasi bilan ilk shartnomani imzoladi. Mazkur shartnomaga asosan hamkorlarga 143,2 tonna boʻyoq joʻnatiladigan boʻldi.
Qoʻshma korxonaning birinchi navbati ishga tushirilishi bilan 154 ta ish oʻrni yaratildi. Bu yerda ishlayotganlarning barchasi mahalliy yoshlar, uy bekalaridan iborat.
– Zamonaviy korxonada ishlayotganimdan xursandman, – deydi tayyorlov sexi brigadiri Nilufar Joʻrayeva. – Ishchilarning aksariyati shu paytgacha biror yerda ishlamagan xotin-qizlar. Bizga xitoylik mutaxassislar ish oʻrgatdi. Hozir barchamiz kompyuterlashtirilgan tizimda ishlovchi zamonaviy texnologiyalarni toʻliq oʻzlashtirib oldik. Mehnat sharoitlari yaxshi, dam olishimiz uchun qulaylik yaratilgan.
Zavodning 2020-2022-yillarga moʻljallangan ikkinchi navbati ishga tushishi bilan mahsulot ishlab chiqarish hajmi ham, ish oʻrinlari ham hozirgiga nisbatan 1,5 barobarga oshadi.
MDHda ikkinchi, Markaziy Osiyoda yagona sanaladigan korxona mahsulotiga jahon bozorida talab yuqori. Shuning uchun korxona quvvatini bosqichma-bosqich oshirib, 2022-yilda mahsulot ishlab chiqarish hajmini 10 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Ayni paytda viloyatda xorijiy va qoʻshma korxonalar soni 150 tadan oshdi. Ularning 45 tasi joriy yilda roʻyxatdan oʻtkazildi.