Markaziy Osiyoda ekologik barqarorlik va “yashil” rivojlanish: mintaqaviy hamkorlikning strategik istiqbollari
Markaziy Osiyo mintaqasidagi ekologik xavf-xatarlar va barqaror rivojlanish masalalari so‘nggi yillarda global va mintaqaviy kun tartibining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Davlatimiz rahbarining Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammitdagi nutqi ushbu muammolarga nisbatan yangicha konseptual yondashuvni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu nutq nafaqat mavjud ekologik muammolarni tahlil etish, balki ularni hal etishning aniq institutsional va strategik mexanizmlarini taklif etishi bilan ham ajralib turadi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti Oqiliddin Alimov fikricha, zamonaviy ekologik muammolarni tahlil qilishda ularni alohida-alohida, lokal darajada ko‘rib chiqish endi samara bermaydi. Iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning qisqarishi, suv resurslari tanqisligi va yer degradatsiyasi kabi jarayonlar o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lib, kompleks yondashuvni talab etadi. Markaziy Osiyoda bu jarayonlar yanada keskin tus olmoqda, chunki mintaqa geografik va iqlim xususiyatlari jihatidan yuqori xavf zonasiga kiradi. So‘nggi kuzatuvlar haroratning global o‘rtacha ko‘rsatkichlarga nisbatan ikki barobar tez o‘sishini ko‘rsatmoqda, bu esa muzliklarning qisqarishi, gidrologik rejimning o‘zgarishi va qishloq xo‘jaligi samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.
– Bu holat ekologik muammolarni faqat tabiatni muhofaza qilish doirasida emas, balki iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning ajralmas qismi sifatida ko‘rib chiqish zaruratini yuzaga keltiradi, -deydi TDSHU dotsenti O.Alimov. – Shu jihatdan, O‘zbekiston sammitda ilgari surilayotgan “Barqaror kelajak uchun umumiy nigoh” konsepsiyasini zamonaviy ekologik siyosatning asosiy tamoyillaridan biri sifatida qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu yondashuv davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, resurslarni adolatli taqsimlash va innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali umumiy ekologik xavf-xatarlarni yumshatishga qaratilgan.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ekologik hamkorlik so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ham alohida e’tiborga loyiq. Mintaqada “yashil kun tartibi”, iqlim moslashuvi strategiyalari va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan dasturlarning qabul qilinishi ekologik diplomatiyaning institutsional asoslarini mustahkamlamoqda. Bu esa o‘z navbatida, transchegaraviy ekologik muammolarni birgalikda hal qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
O‘zbekiston tajribasi mazkur jarayonda alohida o‘rin tutadi. O‘lkada amalga oshirilayotgan ekologik siyosat tizimli va ko‘p qirrali xarakterga ega bo‘lib, u o‘rmonlashtirish, suv resurslarini samarali boshqarish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va chiqindilarni qayta ishlash kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Xususan, keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari va Orolbo‘yi hududida “yashil belbog‘”larni barpo etish nafaqat ekologik holatni yaxshilash, balki iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, “yashil” energetika ulushining izchil oshirilishi va chiqindilardan energiya ishlab chiqarish loyihalarining amalga oshirilishi resurslardan samarali foydalanishning yangi modelini shakllantirmoqda.

Prezidentimiz tomonidan sammitda ilgari surilgan tashabbuslar tahlili shuni ko‘rsatadiki, ular strategik jihatdan chuqur o‘ylangan va o‘zaro bog‘liq tizimni tashkil etadi. Masalan, “toza havo” konsorsiumini tashkil etish sanoatni modernizatsiya qilish va atmosfera ifloslanishini kamaytirishga xizmat qilsa, cho‘llanishga qarshi kurash markaziga mintaqaviy maqom berish ilmiy tadqiqotlar va monitoringni kuchaytirish, erta ogohlantirish imkonini beradi. Shuningdek, “Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi” tashabbusi ekologik standartlarga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Yagona investitsiya portfelini shakllantirish g‘oyasi esa mintaqadagi ekologik loyihalarni tizimlashtirish va xalqaro moliyaviy institutlar e’tiborini jalb qilish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Bu yondashuv tarqoq tashabbuslardan farqli ravishda, kompleks va muvofiqlashtirilgan rivojlanish strategiyasini amalga oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi o‘zgarishlarning yagona mintaqaviy atlasini yaratish, “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni ishlab chiqish tabiiy resurslarni muhofaza qilish va biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish uchun mustahkam axborot bazasini shakllantiradi.

Yoshlarni ekologik kun tartibiga jalb qilish masalasi ham nutqda alohida o‘rin egalladi. Bu o‘z navbatida, barqaror rivojlanishni ta’minlashda inson kapitali va ekologik madaniyatning hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Ekologik ta’lim va jamoatchilik ishtirokini kengaytirish orqali uzoq muddatli ijobiy natijalarga erishish mumkin.
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining mazkur sammitdagi nutqi Markaziy Osiyoda ekologik siyosatning yangi yondashuvlarini shakllantirishda muhim strategik asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu yondashuv zamonaviy “yashil iqtisodiyot” konsepsiyasining asosiy mazmunini tashkil etadi. Ekspertning fikricha, agar mintaqadagi davlatlar o‘zaro ishonch, siyosiy iroda va institutsional hamkorlikni mustahkamlasa, Markaziy Osiyo nafaqat ekologik barqarorlikka erishishi, balki global miqyosda raqobatbardosh va innovatsion hududga aylanishi mumkin.
O‘tkir Alimov, O‘zA