Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: yangi strategik makonning shakllanishi
Bugungi kunda Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlari an’anaviy ikki tomonlama hamkorlik doirasidan chiqib, sifat jihatidan yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Mazkur munosabatlar bosqichma-bosqich shakllanib borayotgan mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik arxitekturasining muhim tarkibiy qismlaridan biriga aylanmoqda. Ushbu jarayonda siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy hamkorlik, energetik sheriklik hamda transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish uzoq muddatli integratsiyaning asosiy yo‘nalishlari sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Toshkentdagi muhim burilish: Markaziy Osiyo va Ozarbayjon hamkorligining yangi bosqichi
Oliy darajadagi siyosiy aloqalar dinamikasi yuz berayotgan o‘zgarishlarning ko‘lami va chuqurligini yaqqol namoyon etmoqda. So‘nggi uch yil davomida Ozarbayjon Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlariga 14-marta tashrif buyurgan bo‘lsa, mintaqa mamlakatlari yetakchilari Bokuda 23-marta bo‘ldilar. Bunday yuqori sur’atdagi muloqot munosabatlarning davriy siyosiy aloqalar shaklidan doimiy strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.

2025-yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi ushbu jarayon rivojidagi muhim tarixiy bosqich bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mintaqa davlatlari rahbarlari Ozarbayjonni mazkur formatga to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qildilar.
Ozarbayjonning ushbu formatga qo‘shilishi hamkorlikning yangi geografiyasi shakllanayotganini namoyon etdi. Uning doirasida Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz siyosiy ishonch, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik hamda transport aloqadorligiga asoslangan yagona makonni shakllantirishga kirishdi.
Transport yo‘laklari – mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning asosi
Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning o‘zaro yaqinlashuv kun tartibida transport integratsiyasi markaziy o‘rin egallamoqda. Zamonaviy transport yo‘laklarining rivojlanishi davlatlarning geografik yaqinligini muhim iqtisodiy resursga aylantirib, mintaqaning Yevrosiyo savdo tizimidagi rolini sezilarli darajada o‘zgartirdi.
Shu nuqtai nazardan, mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichi uchun moddiy asos bo‘lib xizmat qilayotgan O‘rta koridor alohida ahamiyat kasb etdi. Ushbu yo‘nalish ishlab chiqarish va iste’mol markazlarini Kaspiy mintaqasi hamda Janubiy Kavkaz orqali bog‘lagan holda, Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi transkontinental savdoning muqobil o‘qini shakllantirmoqda.
O‘rta koridor ishtirokchi davlatlar uchun bir-birini to‘ldiruvchi ustunliklarni yaratmoqda. Qozog‘iston, Ozarbayjon va Turkmaniston Yevrosiyoning muhim tranzit tugunlari sifatidagi mavqeini mustahkamlayotgan bo‘lsa, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish hamda jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish uchun yangi sharoitlarga ega bo‘lmoqda.
Nisbatan qisqa davr ichida O‘rta koridor orqali yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshdi, yuklarni yetkazib berish muddatlari esa ancha qisqardi. “Boston Consulting Group” hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi besh yil davomida yuk tashish hajmi 2021-yildagi qariyb 1 million tonnadan 2025-yilda 4,5 million tonnagacha ko‘paygan.
Biroq ushbu yo‘nalish salohiyatini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarish ko‘p jihatdan Janubiy Kavkazning yaxlit transport arxitekturasini rivojlantirish bilan bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, Yevrosiyoning yangi transport konfiguratsiyasida qo‘shimcha bo‘g‘inga aylanishi mumkin bo‘lgan Zangezur yo‘lagining ochilishi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur yo‘lakning ishga tushirilishi O‘rta koridor samaradorligini oshirish, yuklarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirish hamda Markaziy Osiyoning Turkiya va Yevropa bozorlari bilan yanada mustahkam bog‘lanishini ta’minlash imkonini beradi. Shu tariqa, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni birlashtiruvchi yangi transport bog‘liqligi tizimi shakllanmoqda.
Iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik kamari: tovar ayirboshlashdan qo‘shma ishlab chiqarishgacha
Transport bog‘liqligining mustahkamlanishi o‘zaro savdo ko‘lamining kengayishi, investitsiyaviy faollikning oshishi hamda sanoat kooperatsiyasining rivojlanishiga turtki berdi. Natijada infratuzilma loyihalari yanada kengroq vazifani bajara boshlamoqda – ular mintaqada yagona iqtisodiy makonni shakllantirish uchun platformaga aylanmoqda.
2025-yilda Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan umumiy savdo aylanmasi qariyb ikki baravar oshib, bir yil avvalgi 936 million dollarga nisbatan 1,76 milliard dollarni tashkil etdi. Qozog‘iston bilan o‘zaro savdo hajmi 670 million dollarga, O‘zbekiston bilan 795 million dollarga, Turkmaniston bilan 208 million dollarga, Qirg‘iziston bilan 77 million dollarga, Tojikiston bilan esa 13 million dollarga yetdi.
Tomonlarning strategik maqsadi o‘zaro savdo aylanmasini kelgusida 20 milliard dollarga yetkazishdan iborat. Biroq ushbu maqsadga erishish nafaqat savdo hajmini kengaytirishni, balki iqtisodiy kooperatsiyaning yanada chuqur shakllariga – qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirish hamda mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga o‘tishni ham taqozo etadi.
Shu nuqtai nazardan, “Made in Central Asia” brendi ostida qo‘shma ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish konsepsiyasi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur konsepsiyani amalga oshirish yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda mintaqaning global iqtisodiyotdagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.
Iqtisodiy yaqinlashuvning navbatdagi bosqichi qo‘shma investitsiya kiritish mexanizmlarini shakllantirishdan iborat. Bugungi kunda Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ikki tomonlama investitsiya institutlari tarmog‘i tashkil etilgan. Ular qatoriga kapitali 300 million dollar bo‘lgan Qozog‘iston–Ozarbayjon investitsiya jamg‘armasi, kapitali 500 million dollar bo‘lgan O‘zbekiston–Ozarbayjon investitsiya jamg‘armasi hamda kapitali 25 million dollar bo‘lgan Qirg‘iziston–Ozarbayjon taraqqiyot jamg‘armasi kiradi.
Mazkur mexanizmlar sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika va yuqori texnologiyali tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan. Ularning tashkil etilishi mintaqaviy hamkorlik sifat jihatidan o‘zgarayotganidan dalolat beradi: hamkorlik asta-sekin savdo doirasidan chiqib, uzoq muddatli investitsiyaviy sheriklik xususiyatini kasb etmoqda.
Umumiy “yashil” energetika makonini shakllantirish
Transport va iqtisodiy integratsiyani rivojlantirish bilan bir qatorda, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon energetik hamkorlikning yangi arxitekturasini izchil shakllantirmoqda. Ushbu modelda “yashil” energetika nafaqat dekarbonizatsiya vositasi, balki mintaqaning geoiqtisodiy yaqinlashuvini ta’minlovchi eng muhim omillardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ilgari energetika sohasidagi hamkorlik asosan alohida loyihalar bilan cheklangan bo‘lsa, bugungi kunda u tizimli tus olmoqda. Hamkorlik qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasi ishlab chiqarishni rivojlantirish, transchegaraviy elektr uzatish infratuzilmasini barpo etish, milliy energetika tizimlarini integratsiya qilish hamda mintaqaviy energetika makonini rivojlantirish bo‘yicha umumiy yondashuvni shakllantirishni qamrab oladi.
Ushbu jarayonni institutsionallashtirishdagi muhim bosqich Bokuda o‘tkazilgan COP29 konferensiyasi doirasida Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida “yashil” energiyani rivojlantirish va uzatish sohasidagi strategik sheriklik to‘g‘risida hukumatlararo bitimning imzolanishi bo‘ldi.
Mazkur hujjat siyosiy bayonotlardan uzoq muddatli infratuzilma loyihalarini amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish bosqichiga o‘tilganini ko‘rsatdi. Bitim uch davlat energetika tizimlarini integratsiya qilish, transchegaraviy tarmoqlarni rivojlantirish hamda qayta tiklanuvchi manbalardan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini eksport qilish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishni nazarda tutadi.
Shu tariqa, tashqi bozorlarga “yashil” elektr energiyasini yetkazib berish hamda Yevrosiyoning barqaror energetika arxitekturasini shakllantirishda mintaqaning rolini oshirish imkonini beruvchi yangi energetika makoni poydevori yaratilmoqda.
Erishilgan kelishuvlarning amaliy davomi sifatida 2025-yil iyul oyida “Yasil Dehliz Birliyi” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Unga “Markaziy Osiyo – Ozarbayjon yashil energetika yo‘lagi” loyihasini amalga oshirish jarayonida muvofiqlashtiruvchi vazifa yuklatildi.
Gap Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston energetika infratuzilmasini integratsiya qilishga asoslangan Kaspiy mintaqasining yagona energetika konturini shakllantirish haqida bormoqda. Ushbu model doirasida Ozarbayjon Markaziy Osiyoning qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi ulkan salohiyati bilan Yevropa elektr energiyasi bozorlari o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajaradi.
Bunday yo‘nalishning yaratilishi eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, mintaqaning energetik o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash hamda Yevropaning energetika xavfsizligini ta’minlashda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning rolini oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Raqamli infratuzilma – mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning muhim konturi
Bugungi kunda mintaqaviy integratsiya jarayonlarini faqat transport va energetika infratuzilmasi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqishning o‘zi yetarli emas. Iqtisodiyotlarning barqaror rivojlanishi hamda mintaqa raqobatbardoshligini oshirishning muhim shartlaridan biriga aylanayotgan raqamli o‘zaro bog‘liqlik tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.
Raqamli infratuzilma zamonaviy transport yo‘laklarining samarali faoliyat yuritishini ta’minlaydi, elektron savdoni rivojlantirishga, moliyaviy operatsiyalarni tezlashtirishga hamda milliy iqtisodiy tizimlarni o‘zaro integratsiya qilishga xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan, Gruziya orqali Yevropa tarmoqlariga chiqishni nazarda tutuvchi “Boku — Aktau” suvosti kabelini yotqizishga qaratilgan transkaspiy “Raqamli ipak yo‘li” loyihasi alohida strategik ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur loyiha ilk bor 2018-yilda Bokuda ilgari surilgan. O‘shanda Ozarbayjonning “AzerTelecom” kompaniyasi mamlakat hukumati ko‘magida Qozog‘istonning “Transtelecom” va “KazTransCom” kompaniyalari bilan transkaspiy raqamli yo‘lagini yaratish bo‘yicha uch tomonlama memorandum imzolagan edi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ushbu loyihani Markaziy Osiyo bilan hamkorlikning umumiy raqamli kun tartibidagi muhim yo‘nalishlardan biri sifatida taqdim etdi.
Loyihaning amalga oshirilishi ikki yirik iqtisodiy makon o‘rtasida ma’lumot uzatishning muqobil yo‘nalishini shakllantirish, telekommunikatsiya tarmoqlari barqarorligini oshirish hamda mintaqa davlatlarida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratish imkonini beradi.
Shu tariqa, transport yo‘nalishlari, energetika tizimlari va raqamli tarmoqlar bosqichma-bosqich mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning yagona konturiga birlashmoqda. Ularning rivojlanishi alohida infratuzilma loyihalaridan uzoq muddatli iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikka asoslangan kompleks hamkorlik modeliga o‘tilayotganidan dalolat beradi.
Mushtarak sivilizatsiyaviy meros – strategik yaqinlashuvning poydevori
Har qanday integratsiya jarayonining barqarorligi faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar va infratuzilma loyihalari bilan belgilanmaydi. Uning uzoq muddatli samaradorligi ko‘p jihatdan gumanitar aloqalarning teranligi, xalqlarning tarixiy yaqinligi hamda umumiy ishonch makonini shakllantirish qobiliyatiga bog‘liq.
Markaziy Osiyo va Ozarbayjonni Yevrosiyoning muhim madaniy va savdo yo‘llari chorrahasida shakllangan ko‘p asrlik sivilizatsiyaviy meros birlashtirib turadi. Islom tamaddunining oltin davrida ushbu mintaqa jahon ilm-fani, ta’limi va madaniyatining eng yirik markazlaridan biri bo‘lib, dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan.
Bu zaminda Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Abay Qo‘nonboyev, Cho‘qon Valixonov, Qanish Satpayev, Chingiz Aytmatov, Qosim Tinistanov, Iso Oxunboyev, Sadriddin Ayniy, Muhammad Osimiy, Maxtumquli Firog‘iy, Veli Muhatov, Nizomiy Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy singari buyuk olimlar, mutafakkirlar va adiblar yashab, ijod qilgan. Ularning matematika, astronomiya, tibbiyot, falsafa, ilohiyot, adabiyot va musiqa sohalaridagi asarlari asrlar davomida jahon ilmiy va madaniy tafakkuri rivojiga yo‘nalish berib kelgan.
Bugungi kunda ushbu mushtarak intellektual meros nafaqat asrab-avaylanishi lozim bo‘lgan boylik, balki mintaqaviy o‘zlikni va gumanitar o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashning muhim manbayiga ham aylanmoqda. Madaniy-ma’rifiy va ta’lim tashabbuslari davlatlar o‘rtasida barqaror sheriklikni shakllantirishning qo‘shimcha vositasi sifatida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur tendensiya zamonaviy mintaqaviy loyihalarda ham o‘z ifodasini topmoqda. 2026-yil may oyida Ozarbayjon ilk bor Buxoroda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotida hamkor davlat sifatida ishtirok etdi. Tadbir yakunida “SheScience Central Asia” tarmog‘i tashkil etildi.
Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yangi modeli – yagona geoiqtisodiy makon
Kengroq ma’noda, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik Yevrosiyoda regionalizmning yangi modeli shakllanayotganini aks ettiradi. Murakkab milliy institutlarni tashkil etishga asoslangan an’anaviy integratsiya formatlaridan farqli ravishda, mazkur yondashuv, asosan, aniq va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish orqali rivojlanmoqda.
Pirovardida, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi sheriklikning rivojlanishi shunchaki ikki tomonlama aloqalarning kengayishini emas, balki yangi strategik konfiguratsiyaning shakllanishini anglatadi. Ushbu konfiguratsiyada Kaspiy mintaqasi Sharq va G‘arb, Osiyoning ishlab chiqarish markazlari va Yevropa bozorlari o‘rtasidagi muhim ko‘prikka aylanmoqda.
Aynan siyosiy ishonch, infratuzilmaviy bog‘liqlik, energetik salohiyat hamda mushtarak tarixiy-madaniy merosning uyg‘unligi Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning shakllanayotgan Yangi Markaziy Osiyo arxitekturasidagi asosiy tayanch nuqtalardan biriga aylanishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Abbosbek Mashrapov,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakchi ilmiy xodimi