Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari – yoshlar nigohida
Samarqand shahrida "Iqlim va suv resurslarini boshqarishda mintaqa yoshlarining o‘rni" mavzusida BMT Iqlim bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy yoshlar konferensiyasi — "RCOY Central Asia 2026" o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamda YUNISEF hamkorligida tashkil etilgan xalqaro anjumanda O‘zbekiston, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyadan kelgan 100 nafardan ortiq yoshlar, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va davlat idoralari vakillari ishtirok etmoqda.
Konferensiyaning birinchi kuni ishtirokchilarning salohiyatini oshirish, iqlim o‘zgarishi va suv resurslarini boshqarish sohasidagi zamonaviy tendensiyalar bilan tanishish hamda mintaqaviy yoshlar bayonotini tayyorlashga bag‘ishlandi.
[gallery-31251]
Tadbir doirasida Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq so‘nggi ilmiy ma’lumotlar, global iqlim siyosati, mintaqaviy suv boshqaruvi va suv xavfsizligi masalalari muhokama qilinmoqda.
– Ushbu konferensiya Markaziy Osiyoda uchinchi marta tashkil etilmoqda, – deydi Yoshlar ishlari agentligi xalqaro hamkorlik va reytinglar bo‘limi bosh mutaxassisi Yahyo Mustafoqulov. – Anjuman mintaqa yoshlarining iqlim o‘zgarishi va suv resurslari xavfsizligi kabi umummintaqaviy muammolarni hal etish borasidagi ovozini birlashtirish, ularning taklif va tashabbuslarini xalqaro iqlim muloqotlariga olib chiqish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirda yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar umumlashtirilib, shu yilning noyabr oyida BMT tomonidan Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkaziladigan navbatdagi xalqaro iqlim konferensiyasida taqdim etiladi. Eng ilg‘or va amaliy ahamiyatga ega tashabbuslar xalqaro tajriba sifatida amaliyotga tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.
Anjuman doirasida ishtirokchilar uchun siyosiy faollik va targ‘ibot strategiyalari, loyihalarni amalga oshirish uchun mablag‘ jalb qilish hamda manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan maxsus treninglar ham tashkil etiladi.
Konferensiyaning ikkinchi kunida mintaqaviy yoshlar bayonotini muhokama qilish va yakuniy shaklga keltirish rejalashtirilgan. Unda oltita tematik ishchi guruh iqlim o‘zgarishi va suv resurslaridan oqilona foydalanish bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan o‘z taklif va tashabbuslarini ishlab chiqadi.
Tadbirning so‘nggi kunida esa ishtirokchilarning Zarafshon milliy tabiat bog‘iga sayohati tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari