Markaziy Osiyo davlatlari suv va energetika sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqda
Bishkek shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston Respublikalari energetika hamda suv xo‘jaligi vazirlarining navbatdagi choraklik ishchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Qirg‘iziston Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev, Qozog‘iston Respublikasi energetika vaziri Yerlan Akkenjenov hamda Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov qatnashdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev va Tojikiston Respublikasi energetika hamda suv resurslari vaziri Daler Juma videokonferensaloqa orqali yig‘ilishda ishtirok etdi.

Muzokaralar chog‘ida keyingi yillarda mintaqa davlatlari rahbarlari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ko‘p tomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda, ayniqsa suv-energetika sohasida izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. Tomonlar o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlik asosida shakllangan munosabatlar bugungi kunda mintaqa barqarorligi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi 2026-2027-yillar vegetatsiya davrida mintaqadagi suv-energetika tizimlarining barqaror va kelishilgan ish rejimini ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi. Xususan, suv resurslarini samarali taqsimlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish va uzatish jarayonlarini muvofiqlashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ehtiyojlarini o‘z vaqtida qondirish bo‘yicha muhim takliflar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, energetika tizimlarining bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekaniga alohida urg‘u berildi.Tomonlar suv va energiya ta’minotida barqarorlikni saqlash, aholini uzluksiz resurslar bilan ta’minlash hamda mavjud infratuzilmalarning samarali ishlashini ta’minlash yuzasidan birgalikdagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirishga kelishib oldi.

Yig‘ilish davomida kuz-qish mavsumining yakunlari ham sarhisob qilindi. Unda energetika tizimlariga tushgan yuklamalar tahlil qilinib, ularni muvozanatlash, elektr tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash va kelgusi mavsumlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida ishtirokchi davlatlar kelishilgan ish rejimlarini izchil amalga oshirish, sohalararo muvofiqlashtirishni mustahkamlash va mintaqaviy suv-energetika hamkorligini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi. Shuningdek, kelgusi ishchi uchrashuvlarni 2026-yil may oyida Toshkent shahrida, iyun oyida esa Bishkek shahrida o‘tkazish belgilandi. Bu esa mintaqa davlatlarining strategik sohalardagi hamkorligi izchil davom etayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA