“Markaziy Osiyo – AQSH” (C5+1) formatidagi vazirlar uchrashuvi
19-oktabr kuni Samarqandda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi ishtirokida "C5+1" formatidagi vazirlar uchrashuvi o‘tkazildi.
Bundan o‘n bir yil avval Samarqandda yo‘lga qo‘yilgan mazkur format o‘tgan davr mobaynida yanada takomillashdi. 2020-yilda AQSHning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasida C5+1 asosiy hamkorlik mexanizmlaridan biri sifatida belgilandi. Shu asosida 2023-yil Nyu-Yorkda va 2025-yil noyabrda Vashingtonda bo‘lib o‘tgan sammitlar davlat rahbarlari darajasiga chiqdi.
Shu bilan birga keyingi o‘n yillikda O‘zbekiston yetakchisining faol va pragmatik tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib, yaqin qo‘shnichilik, birodarlik munosabatlari izchil rivojlanib bormoqda. Ayni paytda mintaqa davlatlari o‘rtasida uzoq vaqt yechim topilmagan chegara bilan bog‘liq masalalar hal etilgan. O‘zaro savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarda davom etmoqda.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan ko‘p qirrali, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. O‘z navbatida rasmiy Vashington ham Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rmoqda.
Dunyodagi nufuzli ommaviy axborot vositalari Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi va “C5+1” formatidagi uchrashuvni AQSHning mintaqa davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, strategik sheriklikni mustahkamlash va mintaqadagi ishtirokini kuchaytirishga intilayotgani bilan izohladi.
AQSH Davlat kotibi Samarqandga tashrifi oldidan jurnalistlar savollariga javob beraturib, O‘zbekiston bilan munosabatlarni strategik ahamiyatga ega deb aytdi. Shuningdek, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlash AQSH tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi ekanini qayd etdi.

Muloqotda mintaqa vazirlari va AQSH Davlat kotibi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etish, transport, energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu mintaqamizda yangi sanoat quvvatlari, ish o‘rinlari va texnologik imkoniyatlarni yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, biznes vakillarini ustuvor loyihalarni belgilash va ilgari surishga jalb etish uchun “C5+1” va “B5+1” formatlari o‘rtasida muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolandi. Hujjatda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan.
Jumladan, bayonotda C5+1 mamlakatlari hukumatlari suveren davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik muhimligini tasdiqlar ekan, mamlakatlarimizning tarixiy hissasini e’tirof etamiz, bugungi imkoniyatlardan foydalanamiz hamda har bir mamlakatimiz fuqarolari uchun yanada tinch va farovon kelajakni barpo etishga intilamiz. Biz nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillarini rivojlantirishni, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni izchil mustahkamlashni ko‘zlaymiz, deyiladi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoning global iqtisodiyot markazidagi o‘rnini qayta tiklash, Transkaspiy savdo yo‘lagini yanada rivojlantirishga qaratilgan birgalikdagi sa’y-harakatlar Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasida ikki tomonlama savdo va investitsiyalarni misli ko‘rilmagan darajada kengaytirishga, shuningdek, jadal o‘sayotgan bozorlardagi imkoniyatlarni ishga solishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Rivojlanib borayotgan C5+1 platformasi Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan Amerika kompaniyalari uchun o‘zaro manfaatli yangi tijorat imkoniyatlarini yaratishda davom etishi, shu bilan birga, hukumatlar Markaziy Osiyo korxonalarining AQSH bozoriga sarmoya kiritishi va ushbu bozorda faoliyat yuritishi uchun kengaytirilgan imkoniyatlarni nazarda tutayotgani alohida qayd etilgan.
Bayonotda xavfsiz va ishonchli texnologiyalar, Amerikaning texnologik salohiyati hamda Markaziy Osiyoda jadal rivojlanayotgan texnologiya tarmoqlaridan foydalanish orqali elektron tijorat ravnaq topadigan, innovatsion yechimlar keng qo‘llaniladigan va iqtidorli tadbirkorlar muvaffaqiyatga erishadigan mintaqani shakllantirish maqsadi ilgari surilgan.
Muloqot ishtirokchilari AQSH va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi energetika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash barqaror iqtisodiy o‘sish va energetik barqarorlikni ta’minlaydigan, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega integratsiyalashgan ta’minot zanjirlarini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarga kuchli turtki berishini e’tirof etadi. Shu bilan birga mintaqada energetika sohasini rivojlantirishning umumiy va qudratli harakatlantiruvchi kuchiga aylanish uchun salohiyatlar birlashtirilishi qayd etiladi. Bu borada geologik ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha tajriba va ilg‘or amaliyotlarni almashish maqsad qilingan.
Bundan tashqari, bayonotda C5+1 doirasidagi xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, bojxona tartib-taomillarini takomillashtirish va savdoni yengillashtirish, madaniy meros sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, turizm va kreativ iqtisodiyot kabi madaniy sohalarda biznes aloqalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha ham umumiy qarashlar bildirilib, birgalikda yanada farovon kelajakni barpo etish maqsadi ilgari surilgan.
G‘olib Hasanov,
O‘zA muxbiri