Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi
Markaziy bank huzurida islomiy moliya sohasini rivojlantirish, uning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlash maqsadida Markaziy bankning Islomiy moliya kengashi tashkil etildi.
Mazkur kengash islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklar, islomiy moliyalashtirish xizmatlarini amalga oshiruvchi mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazorati ostidagi boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ sifatida ish yuritadi.
Kengash tarkibi islom huquqi sohasida chuqur bilim va tajribaga ega mutaxassislar hamda texnik ekspertlardan iborat 5 nafar a’zoni qamrab oladi. Yangi tuzilma islomiy moliya tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, sohada yagona yondashuvni shakllantirish va amaliyotga samarali tatbiq etishga xizmat qiladi.
Kengashning asosiy vazifalari islomiy moliya standartlari loyihalarini xalqaro tajriba, jumladan, islomiy moliya bo‘yicha xalqaro standartlar hamda milliy qonunchilik talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqishdan iborat.
Shuningdek, Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish masalalari bo‘yicha xulosa hamda tavsiyalar berish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish, sohada yuzaga keladigan bahsli holatlar yuzasidan tushuntirish va izohlar taqdim etish kerak.
Banklar va mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya xizmatlarini tashkil etish yuzasidan tavsiyalar berish, ular bilan muntazam maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish zarur.
AAOIFI (Islom moliya muassasalari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti) yig‘ilishlarida Markaziy bank nomidan ishtirok etish hamda zarurat tug‘ilganda mazkur tashkilot tomonidan ishlab chiqilayotgan hujjatlar loyihalari bo‘yicha taklif va munosabatlar bildirish zarur. Shuningdek, Kengash har yili Markaziy bank boshqaruviga o‘z faoliyati yuzasidan yillik hisobot taqdim etadi.
Mazkur kengashning tashkil etilishi mamlakatda islomiy moliya xizmatlarini xalqaro talablar asosida rivojlantirish, investorlar ishonchini mustahkamlash va aholi hamda tadbirkorlar uchun muqobil moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA