Markaziy bank 22 ta bank va 3 ta mikromoliya tashkilotiga jarima qo‘lladi
Bank nazorati qo‘mitasi avgust oyida 34 ta masalani ko‘rib chiqdi. 25 ta tashkilotga jarima qo‘llanildi.
Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yil avgust oyida o‘tkazilgan 7 ta yig‘ilishda jami 34 ta masalani ko‘rib chiqib, ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qildi.
Qo‘mita faoliyatida ro‘yxatga olish va ruxsat berish masalalari asosiy o‘rin tutdi. Ushbu yo‘nalishda jami 21 ta masala ko‘rib chiqildi. Jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq 9 ta masala muhokama qilindi. Shuningdek, mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish va to‘lov tashkilotiga litsenziya berishga oid 3 ta, kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish bo‘yicha yana 3 ta masala ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlar lavozimlariga nomzodlarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq 5 ta masala muhokama qilindi.
Avgust oyida kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga doir 13 ta masala ham ko‘rib chiqildi. Xususan, Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlar talablariga rioya qilinishi, bank va nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari natijalari, tashkilotlar moliyaviy xizmatlarining «tartibga solish qumdoni» doirasida sinovdan o‘tkazilishi hamda bank filiallari va bo‘linmalarida amalga oshirilgan nazorat tadbirlari muhokama qilindi. E’tiborlisi, aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 22 ta bank va 3 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Jarima choralari prudensial normativ talablariga rioya etilmagani, qonunchilik talablariga muvofiq faoliyat yuritilmagani, shuningdek, inspeksiya tekshiruvlari hamda «sirli mijoz» nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar bilan bog‘liq.
Shu tariqa, avgust oyida Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan qarorlar bank va moliya tashkilotlari faoliyatida qonunchilik va prudensial talablarga rioya etilishini ta’minlash, sohadagi nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirishga qaratildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA