Markazda dastlab mingta ish o‘rni yaratiladi
Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida “Obodonlashtirish oyligi” doirasida hasharlar va ulkan bunyodkorlik, jumladan qurilish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Eng asosiysi, tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 12 iyundagi “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 7 iyuldagi “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida viloyatda kambag‘allikka qarshi kurashish jarayonini yangi bosqichga olib chiqish, bu ishlarga tadbirkorlik sub’ektlarini manfaatli hamkorlik asosida jalb qilish va ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida viloyatning deyarli har bir shahar va tumanlarida yangi-yangi korxonalar tashkil etilib, yangi ish o‘rinlari yaratilyapti.
Do‘stlik tumanida “Dustlik mikro center” mas’uliyati cheklangan jamiyati (MCHJ) tomonidan tashkil etilgan “Mikrosanoat va xizmat ko‘rsatish markazi” bunga yaqqol misoldir.
Do‘stlik tumanidagi “Sanoatchilar” mahalla fuqarolar yig‘ini(MFY)dagi 4-sektor hududida joylashgan ushbu markazning umumiy maydoni 3 gektarni tashkil etadi. Shundan 1,9 gektarini ma’muriy va ishlab chiqarish binolari egallaydi. Texnologik-uskunalar deyarli 100 foiz Xitoy davlatidan olib kelib o‘rnatilgan. Soliqlar hajmi 10 milliard so‘mni tashkil etadi.
– Markazimizda har xil turdagi sanoat mahsulotlari, jumldan, qurilish materiallari, metalga ishlov berish, trikotaj mahulotlari, qadoqlangan suv, xullas mixdan tortib, qurilish plitasigacha ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi, – deydi korxona rahbari Elyor Xoliqov. – Ushbu loyihaning tashabbuskor mablag‘ qiymati 5 million AQSH dollarini tashkil etib, respublika aksiyadorlik tijorat “Agrobank” xizmat ko‘rsatuvchi hisoblanadi. Ishlab chiqariladigan mahsulotlarimizga o‘zimizda talab katta bo‘lganligi uchun mahsulotlarimizni hozircha ichki bozorga sotishni rejalashtirganmiz. Lekin, bu bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz, asosiy maqsad, mahsulotlarimiz sifati, turi va miqdorini yanada oshirib, eksportbop mahsulot yaratish va xorij bozorlariga chiqish.
[gallery-13190]
Mikrosanoat va xizmat ko‘rsatish markazida bir qator yangi loyihalar ishga tushadi. Ulardan biri 600 ish o‘rinli trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Timlord trade claster” MCHJ da tumanning ko‘plab xotin-qizlari ishli bo‘ladi.
Yana bir e’tiborli jihati markazda milliy hunarmandchilikka ham katta e’tibor qaratilmoqda. Quroqchilik, kashtachilik, kulolchilik kasb-kori orqali turli uy-ro‘zg‘or chinni va sapol idishlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Birgina quroqchilik sexida “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” Dasturi doirasida 15 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Chinni va sopol buyumlar ishlab chiqarish korxonasi faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilishi bilan 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bulardan tashqari, markazda mebel, salqin ichimliklar, charm sumkalar, kanselyariya va xo‘jalik qog‘ozlari, ko‘rpa-yostiqlar hamda mix, eshik-deraza romlari, devor va shift bezaklari, gazoblok, penoblok, sementoblok g‘ishtlari va boshqa yana o‘nlab turdagi qurilish mahsulotlari tayyorlanadi.
Markazda dastlabki bosqichning o‘zida mingta ish o‘rni yaratiladi. Asosan ijtimoiy daftarlar ro‘yxatga olingan yoshlar va ayollar kasbga o‘qitilib, ishga qabul qilinmoqda.
Bugunga kelib markazda bunyodkorlik ishlari deyarli yakunlanib, sanoat loyihalarining aksariyati faoliyatini boshlab yuborgan.
Do‘stlik tumanidagi “Mikrosanoat va xizmat ko‘rsatish markazi”ga uyushtirgan xizmat safarimiz davomida oddiy jurnalist sifatida – markaz hali faoliyatini yanada kengaytirib, mahsulot turi, sifati miqdorini yanada oshirib, ish o‘rinlari sonini yana 1 mingtagacha ko‘paytirish quvvatiga ega ekan, degan xulosaga keldik.
Halol mehnat ortidan, holol boylik topib, bola-chaqa boqib, 5-10 tanga ortiqcha topib, yurt ravnaqi, xalq faravonligi, mamlakat obodligiga hissa qo‘shgan, beva-bechora, yetim-yesirni boshini silagan, 20-30 ta bekorchini ishli qilib, qora qozoni qaynashiga, bola-chaqasini boqishiga imkoniyat yaratib bergan kishining ikki dunyosi obod bo‘ladi. Bunday insonlar esa Jizzaxda talaygina, ular haqida ham navbatdagi maqolalarimizda, albatta to‘xtalab o‘tamiz.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA