“Ma’rifat karvoni”: ziyolilarni yanada faol bo‘lishga chorladi
Andijon davlat universitetida “Ma’rifat karvoni” loyihasi doirasida “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” mavzusidagi ilmiy-ma’rifiy hamda madaniy targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
“Ma’rifat karvoni” doirasida Andijonda bo‘lib o‘tgan tadbirlar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazildi. Unda viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari, Maktabgacha va maktab ta’limi, Mahallalar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, “Nuroniy” uyushmasi viloyat bo‘limlari vakillari, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, ijodkorlar, imom-xatiblar, otinoyilar, yoshlar ishtirok etdi.
Dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisidagi nutqi haqida videorolik namoyish etildi.
“Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlari” mavzusidagi ziyolilar forumi ochilishida so‘z olgan Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Komiljon Komilov va boshqalar tomonidan mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning ahamiyati, mazmun-mohiyatini targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi. Xususan, “Ma’rifat karvoni” tadbirlarining maqsad va vazifalari haqida so‘z yuritildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 18-20 noyabrdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisida, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisidagi nutqi mazmun-mohiyati, uni targ‘ib etishda ziyolilarning vazifalari alohida qayd etildi.
Mutaxassis, olimlar tomonidan ishtirokchilarga Yangi O‘zbekistonning bugungi va ertangi taraqqiyotini barpo etish, yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilgan ishlar, oldimizda turgan muhim maqsad va vazifalar, “O‘zbekiston –2030” strategiyasining mazmun-mohiyati haqida keng tushuncha, ma’lumotlar berildi. Shuningdek, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylash, o‘rganish va ommalashtirish, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglikni ta’minlash, yurtdoshlarimiz qalbida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlash, bu borada ziyolilarning faolligini yanada oshirish ta’kidlandi.
Shundan so‘ng respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i, falsafa fanlari doktori Shavkat To‘rayevning “Yangi O‘zbekistondagi islohotlar: muammo va yechim”, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi, islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Abdushukur Murotovning “Buyuk tamaddunga munosib e’tibor”, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Abduvali Pardayevning “Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Abdulbosit Mamadaliyevning Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan taqdimoti bilan tanishildi.
Ma’ruzalar yuzasidan savol-javob, muhokamalar bo‘ldi. Ishtirokchilar tomonidan mavzular doirasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
– Islohotlar jarayonida, ayniqsa, islohotlarning ahamiyati, mazmun-mohiyati va samaralarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etishda shubhasiz, ziyolilar faol va ilg‘or bo‘ladi, – deydi tadbir ishtirokchisi, Andijon davlat pedagogika instituti rektori, professor Baxtiyorjon Rasulov. – Shu ma’noda “Ma’rifat karvoni” tadbirlari biz ziyolilarni yanada faol bo‘lishga chorladi.
Tadbirda Andijon viloyatida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaralari, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari aks etgan videorolik namoyish etildi.
[gallery-20723]
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Abdulhamid Nurmatov viloyatda ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng ma’lumotlar berdi.
Tadbir yakunida “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlarida faol qatnashgan bir guruh soha vakillari Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limining tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari