Ma’rifat karvoni Mirzaobodda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida erishilgan natijalar, xalqimiz oldida turgan ustuvor vazifalar va kelgusi taraqqiyotning muhim yo‘nalishlari bayon etildi. Ana shu g‘oya va tashabbuslarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Mirzaobod tumanida «Birlashib, buyuk tarix yaratamiz» mavzusida «Ma’rifat karvoni» ilmiy-ma’rifiy seminari o‘tkazildi.
Tadbirda Guliston davlat universiteti tarix kafedrasi dotsenti Umrzoq Alibekov, Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasining mas’ul xodimi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Dilnoza Umrzoqova hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Valijon To‘ychiyevlar ishtirok etishdi.
Seminarda korxona va tashkilotlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimlar, umumta’lim maktablarining direktor o‘rinbosarlari qatnashishdi. Unda Prezident nutqida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarning bugungi hayotimizdagi ahamiyati, mustaqillik yillarida erishilgan natijalar, Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonidagi islohotlar, inson qadrini yuksaltirish va xalq farovonligini oshirishga qaratilgan vazifalar xususida fikr almashildi.

Shuningdek, aholi turmush darajasini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim va tibbiyot sifatini yaxshilash, yoshlarga zamonaviy bilim va kasb berish kabi masalalarga alohida urg‘u berildi. Bu vazifalarni amalga oshirishda jamoatchilikning faol ishtiroki va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish muhim ekani ta’kidlandi.
— Prezidentimiz ma’ruzasi mazmunan uch qismdan iborat: o‘tmish, bugungi kun va kelajak. Unda xalqimizning uch ming yildan ziyod davlatchilik tarixi, boy madaniy merosi, bugungi taraqqiyot yo‘li va kelgusi vazifalar haqida fikr yuritilgan. Ayniqsa, kelajakka qaratilgan yettita milliy dasturning qabul qilinishi mamlakatimiz taraqqiyotining muhim yo‘nalishlarini belgilab beradi. Mazkur nutqda Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi, Amir Temur davri davlatchiligi va jadidlarning milliy taraqqiyot yo‘lidagi intilishlari tariximizning muhim sahifalari sifatida tilga olindi. Targ‘ibot tadbirida ushbu fikrlarning mazmun-mohiyati, tarixiy merosni asrash, bugungi imkoniyatlardan samarali foydalanish va yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shish muhimligi haqida tushunchalar berildi, – dedi Dilnoza Umrzoqova.

Seminarda yosh avlod masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarga ega, ilm-fan va innovatsiyalarga intiladigan mutaxassislarni tayyorlash mamlakat taraqqiyotining muhim omili ekani ta’kidlandi. Yoshlarning iqtidori va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish dolzarb vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Tadbir doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti olim va tadqiqotchilari tomonidan tayyorlangan «Birlashib, buyuk tarix yaratamiz!» kitobi ham tanishtirildi. Kitobda Prezident nutqida ilgari surilgan g‘oyalar, milliy tarix, inson qadri, yoshlar, ilm-fan va mamlakat taraqqiyotiga oid masalalar ilmiy-ma’rifiy nuqtai nazardan yoritilgan.
Tadbir yakunida nutqda ilgari surilgan g‘oyalarni jamoatchilikka mazmunli va tushunarli tarzda yetkazish, ularning hayotimizdagi amaliy ahamiyatini ochib berish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada mazmunli tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi. Zero, «Birlashib, buyuk tarix yaratamiz» g‘oyasi tarixiy xotirani asrash bilan birga, bugungi avlodning mamlakat kelajagi oldidagi mas’uliyatini ham anglatadi. Bu mas’uliyat bilim, mehnat, tashabbus va yurt taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usida namoyon bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri