Marhum sudyaning merosxo‘rlariga sug‘urta puli undirilmoqda
Joriy yilning 16-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zagrosug‘urta» AJ tomonidan sug‘urta to‘lovi amalga oshirilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan ma’lum bo‘lishicha, ish Majburiy ijro byurosi Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lib, ijro harakatlari davom ettirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ijro varaqasi asosida «O‘zagrosug‘urta» AJ zimmasiga jinoyat ishlari bo‘yicha Sariosiyo tuman sudining sobiq raisi, marhum V.X. Norbekovning merosxo‘rlari — X.S. Nurmanova, X. Norbekov, G.P. Pardayeva hamda voyaga yetmagan farzandlari M.V. Saidov va G.V. Saidova foydasiga sug‘urta to‘lovini amalga oshirish majburiyati yuklatilgan.
Sug‘urta to‘lovi marhumning oxirgi oylik ish haqining 50 baravari miqdorida belgilangan.
Mazkur ijro hujjati asosida davlat ijrochisi tomonidan «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 23-moddasiga muvofiq ijro ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Shuningdek, ijro hujjati talablarini bajarish qarzdor zimmasiga yuklatilgan.
Ijro harakatlari davomida «O‘zagrosug‘urta» AJga nisbatan 4 million 400 ming so‘m miqdorida ijro yig‘imi qo‘llash to‘g‘risida qaror chiqarilgan.
Bundan tashqari, jamiyatning mansabdor shaxslaridan ijro hujjati talablarini 2026-yil 23-oktabrga qadar bajarish bo‘yicha majburiyatnoma olingan.
Ijro hujjati belgilangan muddatda bajarilmagan taqdirda, mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-1-moddasi hamda Jinoyat kodeksining 232-moddasida nazarda tutilgan javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkinligi haqida ogohlantirish berilgan.
Ayni vaqtda ijro hujjatida belgilangan majburiyatlarning to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida tegishli ijro harakatlari davom ettirilmoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA