Marhamatda chiya boʻrilar koʻpayib ketdimi?...
Bunday xabar har qanday insonning etini bir junjiktirishi aniq.
“Mahallamizda chiyaboʻrilar koʻpayib ketdi, uyimizga ham kirmoqda”.
Bunday xabar har qanday insonning etini bir junjiktirishi aniq. Men ham ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlayotgan bu fikrlardan tajjubga tushganim rost.
Qishda togʻlardan boʻrilar yoki chiyaboʻrilar qishloqlarga tushib kelgani haqida eshitganman, lekin yozda... bunday holat yuz berishi yetti uxlab tushga kirmasligi aniq. Shu bois Andijon viloyati hokimligi axborot xizmatiga murojaat qildik. Zero, bu murojaatni Marhamat tumani Durafshon MFYda yashovchi fuqarolar tomonidan yuborilgan.
Marhamat tuman hokimligi matbuot xizmatidan OʻzA muxbiriga maʼlum qilishlaricha, Durafshon mahallasida chiyaboʻrilar koʻpayib ketganligi, uylarigacha kirayotganligi haqidagi holat tuman hokimligi, IIB profilaktika inspektori, tuman hokimligi obodonlashtirish boshqarmasining (daydi va uy hayvonlarini tutish boʻlimi) ovchisi hamkorligida joyiga chiqib oʻrganilgan.
Vakillar Durafshon mahallasida yashovchi aholi bilan suhbatlashganda, bu hudud daladan 4 kilometr uzoqlikda joylashganligi, aholi barcha koʻchalarda toʻliq istiqomat qilishi hamda koʻp xonadonlarda itlar boqilishi inobatga olinsa, aholi yashaydigan hududlarga chiyaboʻrilar kelmasligi aniqlandi.
Axborot xizmati vakillari agar shunday holatlar yana yuz bersa, atrofda chiyaboʻrilar koʻrinsa tuman hokimligi obodonlashtirish boshqarmasining (daydi va uy hayvonlarini tutish boʻlimi)ga qoʻngʻiroq qilishni iltimos qilmoqda.