Marg‘ilonda to‘qimachilik san’ati an’analari namoyish etildi
FOTOREPORTAJ
Marg‘ilon shahar tarixi muzeyida “Atlas bayrami” VII xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali doirasida “To‘qimachilik san’ati: an’analar muloqoti” xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmadan turli xalqlarning asrlar davomida shakllangan to‘qimachilik an’analarini o‘zida aks ettirgan noyob hunarmandchilik namunalari, milliy matolar, bezak va amaliy san’at buyumlari o‘rin oldi. Ekspozitsiya orqali turli hududlarga xos to‘qimachilik maktablari, rang va naqshlar uyg‘unligi, milliy uslub va qadimiy hunar an’analarining o‘ziga xos jihatlari namoyon etildi.
Ko‘rgazma xalqaro festival ishtirokchilariga turli xalqlarning to‘qimachilik san’atidagi mushtarak jihatlar va o‘ziga xos an’analar bilan tanishish, tajriba almashish imkonini berdi.
Shuningdek, “O‘zbekiston hunarmandchiligi: barhayot an’analar” fotoko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda yurtimizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan hunarmandlarning mehnati, mahorati, ijodiy izlanishlari va milliy hunarmandchilik maktablarining o‘ziga xos xususiyatlari fotosuratlar orqali aks ettirildi.
Ayniqsa, atlas va adras to‘qish an’analari, milliy naqsh va bezaklarning o‘ziga xosligi, hunarmandlarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan mahorati ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur ko‘rgazmalar milliy hunarmandchilikning boy merosini keng targ‘ib etish, an’anaviy to‘qimachilik san’atini asrab-avaylash va uni zamonaviy ijodiy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-31523]
Festival mehmonlari uchun tashkil etilgan ushbu madaniy tadbirlar Marg‘ilonning atlas va adras to‘qishdagi boy an’analari, Farg‘ona vodiysining hunarmandchilik salohiyati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA