Mardlikning mangu haykali...
1945-yil 9-may. Dunyoni yillab qaqshatgan urush tugadi.
1945-yil 9-may. Dunyoni yillab qaqshatgan urush tugadi. Askarlar uyga qayta boshladi...
Fargʻona, Quva, Qoʻshkechik qishlogʻi. Besh yilki bu qishloqdagi bir xonadon ahlining koʻngli alagʻda, chiroq oʻchmaydi, umid soʻnmagan. Sakkiz yil burun “yurtimni, sizlarni himoya qilaman” deb chiqib ketgan 18 yoshli yigitdan hamon darak yoʻq, kelmagan. Ona oʻgʻlining diydoriga zor, ota qalbi iztirobda. Dard tilga koʻchmaydi. Kutiladi, ana kelib qoladi, mana kelib qoladi, deya kutiladi. Ilhaqlik ogʻir – kishi ich-etini zimdan kemiradi. Sakkiz yil shunday oʻtdi...
1950-yilning qahraton qishi. Qoʻshkechikdagi oʻsha uy hovlisida zumrad sukunat. Ota sandal atrofida mudragan, ona koʻrpa qavimoqda. Dahliz eshigi ochiladi. Ona koʻngli entika boshladi – Abdurauf...
Oʻn sakkiz yoshida jangga otlangan Abdurauf Oxunov rosa sakkiz yil oʻz yurtidan uzoqda yurtdi. Safdoshlari bilan nemislarni Berlingacha quvib bordi. Uzoq Sharqdagi janglarda ham qatnashdi, soʻng maxsus qismlarda xizmat oʻtadi. Ota yurti – Fargʻonaga koʻksida “Qizil yulduz”, “Shuhrat” ordenlari, oʻnlab medallar, rahmatnomalar bilan kirib keldi.
Fargʻona davlat pedagogika institutini tamomladi. 40 yil maktabda fizika va matematikadan dars berdi, rahbarlik lavozimlarida mehnat qildi. Fargʻona viloyati Quva tumani urush va mehnat faxriylari kengashining raisi vazifasida ham ishladi. Bu yillarda keksalarning boy tajribalarini yoshlarga oʻrgatishda jonbozlik koʻrsatdi. Turmush oʻrtogʻi Kumushxon aya bilan 4 oʻgʻil, 2 qizni voyaga yetkazdi. Bugun ular ota-onasining chirogʻini yoqib oʻtiribdi.
Men esa ularning nabirasi boʻlaman. Bobom bilan faxrlanib shularni yozgim keldi. Zero, bobolarimizning hayot yoʻli, mardligi va jasorati bizga hamisha oʻrnak boʻlib qolgusidir.
Sherzod OXUNOV,
Sudyalar oliy maktabi mustaqil izlanuvchisi.