Mardlar maydonda bellashdi
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi “Sohibkor” mahallasida o‘tkazilgan belbog‘li kurash bo‘yicha Respublika ochiq turniri oddiy sport musobaqasidan ko‘ra ko‘proq xalq sayili, xotira tadbiri va milliy g‘urur bayramiga aylandi.
9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazkur turnirga yurtimizning turli hududlaridan kelgan nomdor polvonlar, shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikistondan tashrif buyurgan sportchilar qatnashdi. Ammo maydondagi muhitga qarab, bu yerga faqat g‘alaba uchun emas, milliy qadriyat va polvonlik sha’ni uchun kelinganini anglash qiyin emasdi.

Kurash boshlanishi bilan maydon atrofida yig‘ilgan yuzlab muxlislarning hayqirig‘i havoni titratdi. Ayniqsa, xovoslik polvonlar davraga tushganda tomoshabinlar orasidagi hayajon yanada kuchaydi. Chunki bu yurtda kurash — oddiy sport turi emas. U avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jasorat, mardlik va g‘urur maktabi.
Yoshi ulug‘ otalar polvonlarning har bir usulini tahlil qilib turishsa, yosh bolalar ularga havas bilan tikilishardi.


Musobaqa yana bir jihati bilan ahamiyatli bo‘ldi. Bellashuvlar shu hududda yashab, o‘z davrida dovruq qozongan mashhur polvonlar hamda zahmatkash insonlar — bog‘bonlar, shirkat rahbarlari xotirasiga bag‘ishlandi. Bir vaqtlar sahroni go‘zal maskanga aylantirgan, xalq dasturxonini shirin uzumlar bilan to‘ldirgan insonlar nomi sport maydonida ehtirom bilan tilga olindi.

Shiddatli va murosasiz kechgan bahslarda Behruz Abdualiyev, Sherdor G‘ofurov, Husan Abduhakimov, Umidjon Xolmatov, Akrom Alijonov, Bo‘ston Gurgunov, Manguberdi Imyanov, Baxtiyor Jumaboyev, Umid Ortiqov, Muhammad Qodirov, A’zamjon Anvarjonov hamda Islom Nosirov kabi polvonlar g‘oliblikni qo‘lga kiritib, muxlislar olqishiga sazovor bo‘lishdi.
Eng qizig‘i, bellashuvlar tugaganidan keyin ham maydon ancha vaqtgacha gavjum bo‘ldi. Kimdir polvonlar bilan suratga tushdi, kimdir ularning usullarini muhokama qildi. Yoshlar esa kelasi musobaqada o‘zini shu davrada ko‘rishni orzu qilishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri