Maqsadlarning mushtarakligi yangi g‘alabalarni ta’minlaydi
Vatanimizning ozodligi, bunyodkorligi, birdamligi va yangi marralar sari dadil intilishlarini ifoda etuvchi ulug‘ ayyom shukuhi kezib yurgan shu kunlarda joylarda bir-biridan tarovatli tadbirlar, bayram sayllari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston davlat sport akademiyasi jamoasi ana shu qutlug‘ sana arafasida erishayotgan yutuqlarimizni, avvalo, yurtimizda sportga, ta’limga va yosh avlod kelajagiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy natijasi sifatida qabul qiladi.
So‘nggi yillarda sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan medallari, yangi rekordlar va munosib natijalari biz uchun katta faxrdir.
Har bir medal ortida davlatimizning jismoniy tarbiya va sportga alohida e’tibori, sportchining mashaqqatli mehnati, murabbiyning fidoyiligi, professor-o‘qituvchilarning bilim va tajribasi, ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi hamda yurtimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlar mujassam.
Yurtimizda sportchilarni faqat musobaqaga emas, hayotga tayyorlash, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi sportchi-talaba bir vaqtning o‘zida zamonaviy bilim olish bilan birga kasbiy salohiyatini oshirishi va sport mahoratini muntazam takomillashtirishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Ayniqsa, “Olimpiya shaharchasi” va O‘zbekiston davlat sport akademiyasi atrofida shakllanayotgan zamonaviy sport-ta’lim muhiti bu borada yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda. Zamonaviy sport inshootlari, mashg‘ulot zallari, stadionlar, ilmiy yondashuv hamda ta’lim jarayonining sport amaliyoti bilan uyg‘unligi sportchilarimiz uchun sifat jihatdan yangi tayyorgarlik tizimini yaratmoqda.
Mamlakatimizda sportchi-talabalar uchun ta’lim va mashg‘ulot jarayonini birgalikda olib borish, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha chuqur bilim olishi va yuqori natijalarga erishish uchun zarur imkoniyatlar tobora kengayib bormoqda.
Hech bir g‘alaba tasodifan kelmaydi. Har bir yutuq — jamoaviy mehnat, intizom, ishonch va tizimli faoliyatning natijasi hisoblanadi.
Mustaqillikning 35 yilligi bizga yana bir bor shuni anglatadiki, buyuk natijalar buyuk imkoniyatlardan, buyuk imkoniyatlar esa fidokorona mehnatdan boshlanadi.
Oldimizda hali zabt etilmagan marralar, qo‘lga kiritilmagan medallar va yangilanishi lozim bo‘lgan jahon rekordlari ko‘p.
Ishonchim komilki, yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratish yo‘lida mashg‘ulotlarda, ilmiy izlanishlarda fidokorlik ko‘rsatayotgan sportchilarimiz, murabbiy va mutaxassislar ertaga Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘taradigan buyuk g‘alabalarni ta’minlaydi
Ilhomjon Tursunaliyev,
O‘zbekiston davlat sport akademiyasi rektori.