Maqsad – tajribalarni ommalashtirish
Bir guruh buxorolik pedagoglar Janubiy Koreya Respublikasida bo‘lib, mamlakat ta’lim tizimining o‘ziga xos jihatlari, inklyuziv yondashuvlar hamda ilg‘or pedagogik metodlar bilan yaqindan tanishdi. Mazkur tajribalarni ommalashtirish maqsadida Kogon shahridagi 3-umumta’lim maktabida ta’lim safarida ishtirok etganlar ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi turli millat vakillari bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish, teng imkoniyatlarni ta’minlash, bag‘rikenglik hamda madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga qaratilgan ilg‘or pedagogik tajribalarni ta’lim jarayoniga keng joriy etishdan iboratdir.

Mazkur maktabda boshlang‘ich korreksion sinflar faoliyat yuritib, inklyuziv ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda ushbu sinflarda 32 nafar alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchi qamrab olingan. Shuningdek, maktabda 6 ta millat vakillari ta’lim-tarbiya olmoqda.

Seminar doirasida dastlab turli millat vakillarining urf-odatlari, milliy qadriyatlari va madaniyatini aks ettiruvchi ko‘rgazma tashkil etildi. Shundan so‘ng “Inklyuziv ta’lim – tenglik va taraqqiyot kafolati” mavzusida trening mashg‘ulotlari olib borildi. Shuningdek, “Sun’iy intellekt – kelajak uchun qadam” mavzusida o‘quv-amaliy mashg‘ulot o‘tkazilib, zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish imkoniyatlari amaliy misollar orqali ko‘rsatib berildi.
Seminar yakunida munozara va savol-javoblar o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.