Maqsad ilg‘or tajribalarni ommalashtirish
Buxoroda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda vazirlik tizimidagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan “O‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni loyiha ishlari orqali shakllantirish” mavzusida ikki kunlik seminar-trening o‘tkazildi.

Buxoro shahridagi Prezident maktabining ilg‘or tajribaga ega mahoratli o‘qituvchilari trenerligidagi mashg‘ulotlar jarayonida ishtirokchilar ta’lim sohasidagi yangiliklar, zamonaviy metodikalar, o‘quvchilarda kreativ va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish usullari bilan tanishdi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashdi. Mavzu doirasidagi fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi.

– Mazkur seminarga 300 nafarga yaqin ingliz tili va matematika fani o‘qituvchilari qamrab olindi, – deydi Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonov. – Mazkur treninglardan ko‘zlangan maqsad ilg‘or tajribalar bilan bo‘lishish, zamonaviy metodikalar bilan tanishtirish, ta’lim sohasidagi yangiliklar bilan bo‘lishish, o‘quvchilarda kreativ va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishni o‘rgatishdan iborat. E’tiborli jihati, har bir trening mashg‘ulotidan so‘ng o‘qituvchilarga QR kod taqdim etilgan bo‘lib, ustozlar maxsus manzilda treninglar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda.

Mazkur ijtimoiy so‘rovnoma kelajakda tashkil etiladigan treninglarni yanada mukammallashtirishga yordam beradi.
Zarif Komilov, O‘zA