Mangoning eng yaxshi turlari “Jahongir”,
“Humoyun –ud -din” deya ataladi
Har yili dunyo bo‘ylab o‘tadigan “Pokiston mangosi” festivali bir necha yildan beri O‘zbekistonda ham tashkil etilmoqda.
Toshkentda uyushtirilgan anjumanda ishtirok etgan Pokistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Faruq Pokiston mangosiga “dunyodagi eng yaxshi mevalardan biri”, deya ta’rif berdi.
Diplomat mazkur festival “O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatni yanada yaxshilashga xizmat qilishini” ham ta’kidladi.
Tadbir ishtirokchilari Pokistondan olib kelingan mango va undan tayyorlangan mahsulotlardan tatib ko‘rdi.
Qishloq xo‘jaligi Pokiston iqtisodiyotida asosiy tarmoqlardan biri hisoblanadi. Ma’lumotga ko‘ra, qulay iqlim sharoiti tufayli Pokiston ichki va tashqi bozor uchun meva-sabzavot yetishtirish bo‘yicha jahonda yetakchilar safida.
Ma’lum qilinishicha, mangoning 250 dan ortiq turi uchraydigan Pokistonda yiliga 2 million tonnagacha hosil olinadi. Noyob ta’m va hidga ega ushbu ne’matdan turli taomlar ham tayyorlanadi.
Mahalliy xalq madaniyatida muhim o‘rin egallaydigan mango mintaqada 4000 yildan beri yetishtiriladi. Buyuk vatandoshimiz Zahriddin Muhammad Bobur va uning avlodlari ham bu mevaga o‘zgacha mehr qo‘ygan. Masalan, Shoh Akbar Bixardagi Darbhangi yaqinida 100 000 tup mango ko‘chatini o‘tqazib, ulkan bog‘ yaratgani tarixdan ma’lum. Uning dasturxonida doimo mango bo‘lgan ekan.
Tarixchi Indu Mextaning yozishicha, Buyuk Boburiylar homiyligida mangoning minglab navi, jumladan, ilk bor boshqa davlatlarga eksport qilingan mashhur “Totapuri” navi yaratilgan. Zero, mangoning eng yaxshi turlari aynan “Jahongir”, “Humoyun –ud -din” deya atalishi ham bejiz emas.
Mangoni juda yaxshi ko‘rgan Shoh Jahon ham Mazgaon sohilidan saroyga muntazam ravishda mango olib kelinishini yo‘lga qo‘ygan. Uning o‘g‘li Avrangzeb diplomatiya faoliyatida ilk bor mangodan vosita sifatida foydalangan. Ya’ni, taxt uchun kurashda Abbos shohning qo‘lloviga erishish uchun unga qimmatbaho sovg‘a tarkibida mango ham yuborgan. Avrangzeb Olamgirning akasi Doro Shukuh esa taxtdan voz kechgach, bog‘dorchilik bilan shug‘ullangan, o‘zining “Nusxa dar fann-i falaxat” asarida mango haqida batafsil yozib qoldirgan.
Mango she’riyatda ham tilga tushgan. 1253 - 1325 yillarda yashab o‘tgan mashhur shoir Amir Xusrav Dehlaviy bu mevani “faxr-i-gulshan” mazmunida ta’riflagan. Mangoga o‘zgacha mehr bilan qaragan Mirzo G‘olib (1797-1869 yillar) esa do‘stlariga yozgan maktubida mangoning 63 turini tatib ko‘rgani xususida yozadi. She’rlarida mangoga ta’rif berarkan, “mevalar qiroli” deb ataydi.
Pokiston ham, Hindiston ham mangoni milliy meva sifatida qadrlaydi.
1960 - yillardan boshlab Pokiston do‘stlik va xayrixohlik belgisi o‘laroq, har yili turli davlatlar rahbarlariga, diplomatlarga mango sovg‘a qilishni boshlashgan. Shundan bo‘lsa kerak, “mango diplomatiyasi” degan siyosiy ibora paydo bo‘lgan.
Endilikda Hindiston va Bangladesh ham “mango diplomatiya”siga murojaat qilmoqda. Bu an’ana nafaqat xalqaro darajada, balki mamlakat ichki hayotida ham kuzatiladi.
Pokiston eng mashhur “Anvar Ratol” navini Uttar - Pradesh shtati Ratol qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Shayx Muhd Afoq Faridiy yaratgan. 1947 yil davlati mustaqil bo‘lgach, Faridiy Panjobning Pokistondagi qismiga ko‘chib o‘tadi va Ratoldan olib kelingan mango ko‘chatini otasi sharafiga “Anvar” deya ataydi.
Sharofiddin To‘laganov