Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish — ishonchli boshqaruv kafolati
Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning asosiy maqsadi – xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, ochiq, shaffof va samarali davlat boshqaruvi tizimini shakllantirishdan iborat. Davlat xizmatining sifati eng avvalo, ushbu tizimda faoliyat yuritayotgan kadrlarning bilimi, malakasi, kasbiy salohiyati, halolligi hamda mas’uliyati bilan belgilanadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish – islohotlarimizning ajralmas qismi bo‘lishi shart”. Bu tamoyil so‘nggi yillarda qabul qilinayotgan qonunlar, farmon va qarorlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Shu bois mamlakatimizda davlat xizmatiga halol va mas’uliyatli kadrlarni tanlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining vakolatlari kengaytirilib, nomzodlarni baholashning zamonaviy mexanizmlari joriy etilmoqda.
Eng muhim vazifa – korrupsiyaning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish va uning oldini olishdir. Aynan shu maqsadda mamlakatimizda profilaktik yondashuv tobora kuchaytirilmoqda. Endi davlat xizmatiga qabul qilinayotgan nomzodlar faqat diplomi yoki ish tajribasi bilan emas, balki manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli, avvalgi mehnat faoliyati va korrupsiyaviy xavflar nuqtai nazaridan ham baholanadi. Bu esa kadrlar siyosatida mutlaqo yangi bosqichdir.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari tomonidan tayyorlanadigan xulosalar ana shu jarayonning muhim qismi hisoblanadi. Ular nomzodning davlat xizmatida faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qiluvchi holatlar mavjud yoki mavjud emasligini aniqlashga xizmat qiladi. Davlat xizmatida qabul qilinayotgan har bir qarorning markazida inson manfaati turishi lozim. Bu esa davlat idoralarida faoliyat yuritadigan xodimlarni tanlash jarayonining ochiq, xolis va adolatli tashkil etilishini talab qiladi.
Mazkur tizimning asosiy maqsadi, kimnidir ishga qabul qilishga to‘sqinlik qilish emas, balki davlat xizmatiga kirib kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy xavflarni oldindan baholash, ularning oldini olishdan iborat. Chunki korrupsiyaga qarshi kurashishda eng samarali yo‘l uning oqibatlarini bartaraf etish emas, balki sabablarini barvaqt yo‘qotishdir.
Bu tartibning yana bir muhim jihati shundaki, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasining ijobiy xulosasi nomzodni avtomatik ravishda ishga qabul qilish degani emas. Xulosa faqat korrupsiyaviy cheklovlar mavjud yoki mavjud emasligini ko‘rsatadi. Nomzodning kasbiy bilim va ko‘nikmalari, malakasi, tajribasi hamda tanlov natijalari alohida baholanadi.
Davlat xizmati har qanday mamlakat taraqqiyotining asosiy ustunlaridan biri hisoblanadi. Agar davlat idoralarida halol, bilimli va fidoyi kadrlar faoliyat yuritsa, aholi murojaatlari o‘z vaqtida hal etiladi, davlat xizmatlari sifati oshadi va eng muhimi, fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi.
Shu ma’noda, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari tomonidan ishga qabul qilish jarayonlarida o‘tkaziladigan baholash va tayyorlanadigan xulosalar oddiy rasmiy hujjat emas. Ular davlat xizmatida halollik muhitini shakllantirish, korrupsiya xavflarini kamaytirish va munosib kadrlarni tanlashga qaratilgan muhim profilaktik mexanizmdir.
Ayni kunda ushbu tizimning samarali ishlashi uchun faqat ichki nazorat bo‘linmalarining sa’y-harakati yetarli emas. Rahbarlar, kadrlar xizmati, davlat xizmatchilari va jamoatchilik ham korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishi lozim.
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar davlat boshqaruvining sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganligini ko‘rsatadi. Davlat xizmatiga qabul qilishda korrupsiyaviy xavflarni baholash va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining xulosasiga asoslangan qaror qabul qilish tartibi ana shu islohotlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
Mazkur mexanizm orqali davlat xizmatida halollik, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillari yanada mustahkamlanadi, manfaatlar to‘qnashuvining oldi olinadi hamda davlat organlariga munosib, professional va yuksak ma’naviy fazilatlarga ega kadrlarni jalb qilish uchun mustahkam huquqiy asos yaratiladi.
Muhammadjon Ma’murjonov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Andijon filiali inspektori.