Ma’naviyatsiz kelajak bo‘lmaydi
Kelajak haqida o‘ylayotgan ekanmiz, avvalo, ko‘z o‘ngimizda o‘sib kelayotgan yoshlar namoyon bo‘ladi.
Shu bois ham yosh avlod kamoloti, ularning qiziqish va intilishlari, tashabbus va takliflarini ro‘yobga chiqarish bugun oldimizda turgan dolzarb masala hisoblanadi.
Prezidentimiz raisligida 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yangi hayot qurish, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqish yo‘lidan borayotgan mamlakatimizda bugun milliy g‘oya masalasi juda muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, xususan, o‘g‘il-qizlarni bolaligidanoq bilimli va fazilatli etib tarbiyalash, buning uchun maktabgacha ta’lim muassasalariga metodik yordam ko‘rsatish muhimligi alohida tilga olindi. Shuningdek, milliy g‘oya targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Ijod” jamoat fondi negizida ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etilishi qayd etildi.
– Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda. – Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat.
Mana shu jumlaning o‘zida ma’naviyatning jamiyatdagi o‘rni nima ekanligi aniq belgilab berilgan. Mamlakatimiz hayotidagi ushbu tarixiy muhim voqea aynan millat ma’naviyatining fidoyilaridan bo‘lgan Mahmudho‘ja Behbudiy tavallud topgan sanada o‘tkazilganligi bilan ham ahamiyatlidir. XX asrning boshlarida Behbudiyning millat bolalarini ilmsiz qoldirmang, degan vasiyatlari bor edi. Bu bugungi kunning ham eng katta shioriga aylanishi kerak.
Haqiqatan ham, yoshlarimiz tarbiyasida, ayniqsa, xalqimiz ayrim qatlamlaridagi ularning xulqi va o‘zaro munosabatlaridagi ma’naviyatimizga yod bo‘lgan ayrim xususiyatlar hech kimni tashvishga solmay qo‘ymaydi. Ma’naviy-ma’rifiy soha inson hayotining barcha jabhalarini qamrab oladi. Mana shu ishlarga qat’iy bel bog‘lab, ilmiy jihatdan yondashib, barcha soha vakillarini jalb qilgan holda kirishish vaqti keldi.
Davlatimiz rahbari har bir sohaga katta e’tibor qaratib keladi. Ma’naviyatimizning rivojlanishi kelajagimizning rivojlanishidir. Bu yig‘ilish yoshlarimizning mafkurasi, ularning bugungi jamiyatda yashaydigan tafakkuri, ularning ma’naviy jihatdan sog‘lom bo‘lishiga qaratilgan yig‘ilish bo‘ldi. Chunki, har qanday holatda ham ma’naviyati yetuk inson jamiyatimizni taraqqiy ettirib, kelajagini belgilab bera oladi.
Yig‘ilishda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari belgilandi.
Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat va jamoat ishlaridagi tashabbuslarini rag‘batlantirish, ilmiy-ijodiy hamkorlik muhiti, do‘stlik aloqalarini shakllantirish, o‘zaro tajriba almashish va fan-texnika, taraqqiyot yo‘lida birlashtirish, ularning taklif va istaklaridan kelib chiqib, yoshlar hayotiga oid masalalarni muhokama qilish, barcha darajadagi qarorlarni qabul qilishda ularning ishtirokini ta’minlash yoshlarga oid olib borilayotgan siyosatning asosiy maqsadi sanaladi.
Ko‘pmillatli yurtimizda istiqomat qilayotgan yoshlarimizni milliy qadriyatlarni e’zozlagan holda ularning ma’naviy tarbiyasiga ham alohida e’tibor qaratish lozim.
Hozir yurtimizda 147 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatyapti. Ular mamlakatimizda istiqomat qilayotgan boshqa millatlar qadriyatlarini asrab-avaylash, urf-odat va an’analari bardavomligini ta’minlash barobarida, yoshlarimizni o‘zga elatlar madaniyatini hurmat qilish ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ular O‘zbekistonni o‘z Vatani, taqdirlarini O‘zbekiston taqdiri bilan tutash, milliy madaniyatlari rivojini O‘zbekiston taraqqiyotining uzviy qismi, deb bilmoqda.
Iqtisodiyotimiz yuksalayotgan, dunyoqarashimiz yangilanayotgan bir paytda biz yangi O‘zbekistonni qurish jarayonida fikri komil, nuqtai nazari teran, maqsadi aniq va ertasiga ishonadigan ma’naviyatli insonlarni tarbiyalashimiz kerak.
Rustambek QURBONOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Millatlararo munosabatlar va
xorijiy mamlakatlar bilan
do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi