Ma’naviyat festivali davom etmoqda
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan ma’naviyat festivali barchaga bayram shukuhini ulashmoqda.
Poytaxtimizdan kelgan bir guruh ziyolilar, taniqli olimlar, adabiyot va san’at namoyandalaridan iborat targ‘ibotchilar ishtirokida mahallalar, jamoat tashkilotlari, korxona va idoralarda muloqotlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Har bir millat, har bir mamlakat tarixida buyuk sanalar bisyor. Ularning hammasi ham qadrli, o‘ziga xos. Biroq shunday sanalar bo‘ladiki, uning ahamiyatini o‘lchaydigan mezon yo‘q. Eng ulug‘, eng aziz bayram - Vatanimiz mustaqillikni qo‘lga kiritgan sana biz uchun ana shunday qadrli va suyukli kun.
[gallery-13275]
Butun borlig‘imiz bilan orziqib kutadigan, qalblarimizda katta hayajon va ko‘tarinkilik bilan nishonlaydigan bayram bu. Shu bois jonajon yurtimizda mustaqilligimizning 32 yilligi katta shodiyonalar bilan nishonlanmoqda. Ma’naviyat festivali doirasidagi tadbirlarda mustaqillik yillarida Vatanimiz, xalqimiz hayotida, barchamizning ongu shuur va tafakkurimizda ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlar, istiqlolning buyuk mohiyati va ahamiyati, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li oddiy misollar yordamida tushuntirib berilmoqda. Viloyatning eng chekka hududi So‘x tumanida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hudud qiyofasini butunlay o‘zgartirib yubordi. Aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Javpaya, Qayroq massivlarining o‘zlashtirilishi esa minglab oilalarning daromadli qilmoqda. Bu yerda o‘tkazilgan uchrashuvlarda aholi shunday ezgu ishlar uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Dang‘ara tumani “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘inidagi uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Olim Toshboyev, O‘zbekiston xalq hofizi Abdunabi Ibrohimov, filologiya fanlari doktori Hulkar Hamroyeva mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, bugungi kunda mamlakatimizda “inson qadri uchun” tamoyili asosidagi islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Vatan, tinchlikni tarannum etuvchi she’r va qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi. Furqat tumani Ingichka mahallasidagi “Mehribon qalb” oilaviy bolalar uyiga tashrif esa bir umr esda qolarli kechdi. Bu yerdagi “Ma’rifat ulashamiz” loyihasi bolajonlarga quvonch ulashdi. Shuningdek, Farg‘ona, Beshariq, O‘zbekiston tumanlaridagi tadbirlar ko‘tarinkilik bilan o‘tkazildi. Festival doirasida "Ma’rifat soatlari", nuroniylar, mehnat faxriylari va yoshlar ishtirokida "Uch avlod uchrashuvlari", maktabgacha ta’lim tashkilotlarida "Mening ilk kitob javonim", "Milliy qo‘shiqlar va maqom", "Vatan madhi", "Baxshilar tarannumida" konsert-dasturlari, "Milliy qadriyatlar" kabi loyihalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov (surat). O‘zA