Ma’naviy tarbiyaning bola hayotidagi o‘rni
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining Toshkent viloyati bo‘limi hamkorligida Qibray tumanidagi 6-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida seminar tashkil etildi.
Unda Toshkent viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi mutasaddilari, Qibray tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbarlari, shuningdek, ma’naviyat targ‘ibotchilari – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aziza Begmatova va Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqa va drama teatri aktyori Alisher Otaboyev ishtirok etdi. Seminarda ma’naviy tarbiyaning bola hayotidagi o‘rni xususida fikr-mulohazalar bildirildi. Erkin mavzularda bolajonlar ishtirokida rasm chizish mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

– Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Shu bois, viloyat miqyosidagi 22 ta tuman va shahar maktabgacha ta’lim bo‘limiga 22 nafar ma’naviyat targ‘ibotchisi biriktirilgan bo‘lib, ular bilan hamkorlikda barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ma’niviy-marifiy kechalar tashkil etib kelinmoqda, – deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi bosh mutaxassisi S.Rahmonberdiyev.
Ma’lumot uchun, boshqarma tasarrufida 1ming 561 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, shundan 498 tasi davlat, 26 tasi tashkilotga qarashli, 128 tasi xususiy, 34 tasi davlat xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat va 875 tasi oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. Viloyatda 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 60,5 foizni tashkil etadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA