Ma’naviy-ma’rifiy ishlar targ‘ibotchilari saralandi
Surxondaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari va tuman, shahar IIB boshliqlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘rtasida “Eng yaxshi ma’naviy-ma’rifiy ishlar targ‘ibotchisi” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2023-yil 20-yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilari oltita shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Har bir ishtirokchi amalga oshirgan ishlarini taqdim etdi. Test savollariga javob berdi. Og‘zaki suhbat tashkil etilib, jismoniy va jangovor tayyorgarlik darajasi sinovdan o‘tkazildi.

Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan tanlov yakunida viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati bataloni komandirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Otabek Norqobilov faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. Uzun tumani IIB boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Abror Sohibov ikkinchi, Sariosiyo tumani IIB boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Farhod Mahmudov uchinchi o‘rinlarni egalladi.

G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri