“Manavini oling”da, ishimni tezroq hal qilib bering!: o‘rtada andisha, mehr-oqibat sarson...
Keyingi paytlarda fuqarolar bilan murosa qilib ishlash qiyinlik qilib ketyapti, nazarimda.
Keyingi paytlarda fuqarolar bilan murosa qilib ishlash qiyinlik qilib ketyapti, nazarimda. Ularning muammosini bartaraf etishga qanchalik harakat qilmaylik, murojaatlarini o‘rganib, qonun doirasida hal etilishi yoki hal etilmasligini tushuntirmaylik, buni tushunishni istashmayapti yoki tushunib, bilib turib, bekorchilikdan davlat idoralariga kelishga odatlanib qolishgan.
Nega deysizmi, yaqinda davlat tashkilotlaridan biriga ishga kirdim. Yangi ish, yangi jamoa oldida uyalib qolmaslik uchun astoydil bor kuch-g‘ayratim bilan ishlayapman. Vazifamga kirmaydigan topshiriqlarni ham aqlim va bilimim yetganicha bajarishga harakat qilayotganimni bilayotganlar buni e’tirof ham etishmoqda. Faqat, ayrim fuqarolarning (bilmay yoki ataylab qilayotgan) murojaati meni o‘ylantirayapti.
To‘g‘risini aytsam, ishga juda vaqtli kelishga odatlanganman. Soat ertalabki, 7:50. Eshik qoqib kelgan insoning ushbu so‘zlari hayratimni oshirdi:
— Singlim, shu desangiz, yoshlikda o‘qib o‘rganishga qunt qilmasdan, pul topishga harakat qildik. Rahmatli otam ikki marta institutga kirgizib qo‘yganda ham hoyu havasga berilib, o‘qimadim. Mana endi qo‘limda bir enlik oliy ma’lumotli bo‘lmasa ham o‘rta maxsus degan diplom yo‘qligidan afsusdaman. Chetda ishlab pul topish ham jonimga tegdi. Uyimizning yonidagi maktabga ishga kirishimda yordam bersangiz. Uch nafar farzandim bor, turmush o‘rtog‘im shu maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Ko‘rib turibsiz, narx-navo juda qimmat. Oila boqish oson bo‘lmayapti. Birgina ayolimning olayotgan maoshi yetmaydi. Ishimni hal qilib bersangiz, rozi qilaman. Hozirdan biror bir xizmat bo‘lsa, hech ikkilanmay bemalol aytavering. “Oldi berdisiz” hech bir yumush bitmasligini juda yaxshi bilaman. Sizning ham o‘zingizga yarasha tashvishingiz, xarajatingiz bor.
...Endi bir o‘ylab ko‘ring. Hech qanday diplomi yo‘q kishini qaerga ham ishga olardi?! Akaning bu so‘zlari, bunday qarash kishini o‘ylantirmay qolmaydi, albatta. O‘zimizning davlatimizda bir kun ham ishlamagan, faqatgina chet elda ishlab yurgan kishi bunday fikrlashiga sabab nima?
Bunday fikrga qachon kelgan bilmadim. Odamlar nega bunchalik tor fikrlaydigan bo‘lib qoldi. Mulohaza qilib, o‘ylagisi kelmaydi. Noto‘g‘ri bo‘lsa-da, o‘zlari to‘g‘ri deb xulosa qilib, shu masalani ortidan yuradi yoki “falonchiga berildi-ku u ham mendek fuqaro bo‘lsa, nega mening ishim bitmaydi”, deb diydiyo qiladi. Ha, deganda ishi bitavermasa, “Manavini olib qo‘ying-da, ishimni tezlashtirib bering”, deydiganlar ko‘payib qoldi. O‘rtada esa andisha, mehr-oqibat sarson.
Hayot shunday bir maydonki, unda hamma bir xil darajaga erishib yashamaydi. Aksincha, har birimizning o‘z yo‘limiz, hayotimiz, taqdirimiz bor. Ana shu o‘yda o‘tirgan bir paytimda tashkilotimizning rahbari xonaga asabiylashib kirib keldi.
— Odamlarga tushunmayman-da. Qilgan murojaatiga javob bersangiz ham, qayta-qayta kelaveradi. Rostdan ham boshqa qiladigan ishi yo‘qmi bularning? Bir haftada sakkiz marta keladi. Qo‘lida bir diplomi yo‘q davlat idorasiga ishga kirishimda yordam bering degani-degan. Oliy ma’lumotli kadrlar kerak, deb og‘zaki, yozma javob berdim. Ammo...
Tunov kuni bir fuqaro ish so‘rab keldi. Aytishicha, u ishga kirmoqchi bo‘lgan joyda ishlayotgan odam vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashayotganmish. Bordim, o‘rgandim. Hammasi joyida. Endi esa, uni ishdan bo‘shatib, meni oling deb kelibdi. Yaxshigina ishlab turgan odamni bo‘shatib, o‘rniga qanday qilib boshqa kishini ishga olish mumkin. Odamlarni tushunib bo‘lmay ham qoldi.
Sabri yo‘q hamyurtlarimiz bugun murojaat qilishni, ertasi kuni esa “Tanish-bilish” izlashga harakat qilibgina qolmay, he yo‘q be yo‘q “Manavini olib qo‘yingda ishimni tezroq bitkazib bering” deyishni afzal biladi. Ana undan keyin hammani “poraxo‘rlik”da ayblab, o‘zlariga gard yuqtirmaydi. Yana davlat idorasida ishlayotganlar aybdor, nohaq ular esa haq.
So‘z lug‘atimizda singib ketgan, korrupsiyaning hidi keladigan “Xizmat bo‘lsa, bemalol”, “Sizdan ugina, bizdan bugina”, “Xamir uchidan patir”, “Muomalasini qilish kerak”so‘zlarni unutishning vaqti keldi nazarimda. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz.
Davlat va jamiyat rivojiga, xalqning adolatga, ertangi istiqbolga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavflardan biri bu korrupsiyadir.
Ushbu illatni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashga keling, bugundan kirishaylik. Illatni yengish uchun hozirdanoq huquqiy savodxonligimizni oshirib, fuqarolik burchimiz haqida o‘ylaylik. Zotan, bugungi harakatimiz yoshlarimizning ertangi kuni, kelajagi uchun xizmat qilsa ajab emas.
Nigina ShOEVA,
jurnalist