Mamlakatimizda o‘lat kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat qanday?
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasining Irkutsk shahrida o‘lat kasalligi bo‘yicha gumon qilinish holati qayd etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Xo‘sh, bu ma’lumotlar qanchalik asosli? Yurtimizga shu kabi xavfli yuqumli kasalliklar kirib kelishining oldini olish borasida qanday profilaktik choralar ko‘rilgan?
SSV Matbuot xizmatining ushbu savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov quyidagicha javob berdi:
— Avvalo, shuni aytish kerakki, mamlakatimizda o‘lat kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga hech qanday asos yo‘q.
Rossiya Federatsiyasining “Rospotrebnadzor” tashkiloti rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Irkutsk shahrida kuzatilgan holatning o‘lat kasalligi, xususan, uning o‘pka shakli bilan bog‘liq ekani hozircha tasdiqlanmagan. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tegishli tekshiruvlar olib borilmoqda.
O‘lat — bakteriyalar tomonidan chaqiriladigan o‘ta xavfli yuqumli kasallik. Uning tabiiy o‘choqlari dunyoning ayrim hududlarida mavjud. Xastalik asosan mayda sut emizuvchi hayvonlar orasida uchrab, insonga ko‘p hollarda kasallangan hayvonlar va ulardagi burglar chaqishi orqali yuqishi mumkin.
Yurtimizda shu va boshqa o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan zarur chora-tadbirlar tizimi yaratilgan.
Xususan, ayni paytda davlat chegaralarini kesib o‘tish joylari (xalqaro aeroportlar, temir yo‘l stansiyalari, avtomobil yo‘llari)da 53 ta sanitariya nazorat punkti faoliyat yuritmoqda. Ular orqali xorijdan yurtimizga kirib kelayotgan shaxslar doimiy tibbiy kuzatuvdan o‘tkaziladi.
Qolaversa, hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmatlarining o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni aniqlashga ixtisoslashgan laboratoriyalari zarur diagnostik vositalar, ozuqa muhitlar, reagentlar va reaktivlar bilan to‘liq ta’minlangan.
Mohigul Qosimova,
O‘zA