Mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish 8,4 foizga oshdi
Energetika sohasining barqaror rivojlanishi iqtisodiyot tarmoqlari faoliyati va aholi ehtiyojlarini uzluksiz ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortib borayotgan sharoitda uni ishlab chiqarish hajmini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ishonchli ta’minlash muhim talablardan biridir.
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati yetakchi mutaxassisi Obidjon Dilmurodov mazkur yo‘nalishdagi ishlar, xususan, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol, eksport va import ko‘rsatkichlari hamda yil yakuniga qadar belgilangan rejalar haqida ma’lumot berdi:
–Joriy yilning dastlabki 9 oyida O‘zbekistonda jami 69,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 milliard kilovatt-soat yoki 8,4 foizlik o‘sishni anglatadi.
Xususan, issiqlik elektr stansiyalarida 49,1 milliard kilovatt-soat, yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarida 10,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘rinda yana bir muhim jihatni ta’kidlash lozim: yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarida 2025-yil davomida jami 10,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi. Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyidayoq ushbu natija takrorlandi.
Gidroelektr stansiyalarida esa 6,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. 2025-yilda mamlakatimiz gidroelektr stansiyalarida jami 6,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi. Demak, bu yo‘nalishda ham joriy yilning 9 oyi davomida o‘tgan yilning to‘liq yillik natijasidan yuqori ko‘rsatkich qayd etildi.
Shu bilan birga, joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida kichik quvvatli quyosh stansiyalari orqali 2,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. 2025-yilda esa bu ko‘rsatkich 2 milliard kilovatt-soatga teng bo‘lgan. Shunday qilib, joriy yilning to‘qqiz oyidayoq o‘tgan yilgi to‘liq yillik natijadan 500 million kilovatt-soat ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Blok-stansiyalar hissasiga esa 867,1 million kilovatt-soat elektr energiyasi to‘g‘ri keldi.
Mazkur natijalar mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘lami kengayib borayotganini, ayniqsa, quyosh va shamol energetikasining umumiy ishlab chiqarishdagi ahamiyati tobora ortayotganini ko‘rsatadi.
Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida respublika bo‘yicha elektr energiyasi iste’moli 68,1 milliard kilovatt-soatni tashkil etdi. Bu 2025-yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 4,1 milliard kilovatt-soat yoki 6,3 foizga yuqori.
Iste’molning o‘sishi iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash masalasining dolzarbligini yanada oshiradi. Shu bois elektr energiyasini ishlab chiqarish bilan bir qatorda, uni iste’molchilarga barqaror yetkazib berish va mavjud resurslardan samarali foydalanish ham alohida ahamiyatga ega.
Ushbu davrda iste’molchilarga jami 53 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Shundan 39 milliard kilovatt-soati ulgurji iste’molchilar, 14 milliard kilovatt-soati esa aholi hissasiga to‘g‘ri keldi.
Ulgurji iste’molchilar kesimida qaralganda, sanoat korxonalari 20,6 milliard kilovatt-soat, qishloq xo‘jaligi 5,6 milliard kilovatt-soat, boshqa iste’molchilar esa 12,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasidan foydalandi.
Elektr energiyasi eksporti va importi ko‘rsatkichlarida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Jumladan, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida 3,4 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi eksport qilindi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 591,6 million kilovatt-soat yoki 21,4 foizlik o‘sish demakdir.
Shu bilan birga, elektr energiyasi importi 1,9 milliard kilovatt-soatni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 720,4 million kilovatt-soat yoki 27,2 foizga kam.
Yil yakuniga qadar belgilangan rejalarga ko‘ra, joriy yilda mamlakatimizda jami 94,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 7,7 milliard kilovatt-soat yoki 8,8 foizga ortiq.
Shuningdek, yil yakuniga qadar respublikada elektr energiyasi iste’moli 92,2 milliard kilovatt-soatga yetishi kutilyapti. Bu o‘tgan yilgi natijaga nisbatan 5,7 milliard kilovatt-soat yoki 6,6 foizlik o‘sishni tashkil etadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, joriy yil yakuniga qadar elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilish hajmini yanada oshirish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish energetika sohasining asosiy yo‘nalishlaridan bo‘lib qoladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA