Mamlakat kubogida yuqori natijalar
Yaqinda Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan Tuyabo‘g‘iz suv omborida akademik eshkak eshish turi bo‘yicha o‘smirlar (“U”-15) va (“U-19”) yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi namanganlik sportchilar uchun salmoqli bo‘ldi.
Mazkur musobaqada yurtimizning to‘qqizta viloyatidan kelgan 800 ga yaqin umidli sportchilar qatnashib, akademik eshkak eshishda o‘z mahoratini namoyon qildi.
E’tiborlisi shundaki, bahslarda Namangan Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sportchilari yuqori natijalarni qayd etdi. Vakillarimiz o‘z hisobiga to‘rtta oltin, to‘rtta kumush hamda yettita bronza medalga ega chiqishdi.

Bunday yorqin natijalar viloyatimizda akademik eshkak eshish sport turini rivojlantirish, yosh va iqtidorli sportchilarni saralash hamda ularning mahoratini oshirish borasidagi ishlarning samarasini ko‘rsatdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.