Mamlakat chempionati bahslari davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Avval xabar qilinganidek, poytaxtimizdagi “Respublika kelajak markazi” sport majmuasida qilichbozlik bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati qizg‘in pallaga kirdi.
Musobaqa O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan yangicha formatda, xalqaro talablar asosida tashkil etilmoqda. Hakamlar hay’ati tarkibiga mahalliy mutaxassislar bilan birga xalqaro darajadagi hakamlar ham jalb etilgani e’tiborga molik.
[gallery-29236]
Keskin va murosasiz kechgan bellashuvlarda 89 nafar sportchi qilichbozlikning rapira yo‘nalishida yakka tartibda g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Qizlar o‘rtasida Polina Volobuyeva (Toshkent) g‘olib bo‘ldi. Maftuna Davronova (Farg‘ona) ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rin Sabina Adashaliyeva va Rada Qosimova (Toshkent) o‘rtasida taqsimlandi.
Erkaklar o‘rtasida Daniil Kravsov (Toshkent) birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Radmir Semeneyev (Andijon viloyati) ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rin Doniyor Sa’dullayev va Ulug‘bek Usmonov (Toshkent)ga nasib etdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar turnir homiylari tomonidan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Bellashuvlar yuqori saviyada, dinamik va raqobatbardosh muhitda o‘tkazilib, hududlarda qilichbozlikning izchil rivojlanayotgani, sportchilarning tayyorgarlik darajasi yuksak ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Mamlakat chempionati bahslari 8-mayga qadar davom etadi.
Muhammad AMIN(surat),O‘zA