Malaka oshirish borasidagi yangiliklar mutaxassislarga tushuntirilmoqda
Xorazm viloyati xalq ta’limi tizimi muassasalaridagi holat o‘rganildi.
Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakillari tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda ta’lim sifatini oshirishga e’tibor qaratilib, pedagoglarning takliflari tinglandi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 25 yanvardagi “Xalq ta’limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ta’lim tizimi, malaka oshirish jarayoni, pedagoglarni tayyorlashdagi ishlar rivojini keyingi bosqichga olib chiqadi. Unda ko‘plab yangiliklarni amaliyotga tatbiq etish belgilangan.

Mutaxassislar ishtirokida Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro fizika va matematika maktab-internati va Urganch davlat universitetida viloyatdagi pedagoglar uchun ta’lim tizimiga oid qaror va farmonlar ijrosi, unda belgilangan vazifalar yuzasidan davra suhbati tashkil etildi.
Uchrashuvlarda viloyatning barcha tuman hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, viloyatning barcha oliy ta’lim muassasasi rektorlari, viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi professor-o‘qituvchilari, xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim boshqarmasi xodimlari ishtirok etdi.
Xalq ta’limi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya, ilm-fan sohalarini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Endilikda A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti xalq ta’limi tizimida ta’limning ilmiy asoslarini yaratishda qatnashadi va mazkur ilmiy asoslar umumiy o‘rta ta’lim, malaka oshirishda integratsiyani amalga oshirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvlar davomida xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirishning muqobil shakllari ro‘yxati, har bitta shaklga to‘g‘ri keladigan kreditlar hajmi, malaka oshirishning muqobil shakllarini o‘zlashtirgan xalq ta’limi xodimlari tegishli shakl uchun belgilangan hajmdagi kreditlarni to‘plashi yuzasidan ma’lumot berildi.
Ma’lumki, o‘quvchilar bilimini baholash, ularning xalqaro baholash dasturlari doirasidagi topshiriqlar bilan ishlash ko‘nikmasini shakllantirishga qaratilgan "STesting” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani 2-sonli tayanch maktabi o‘quvchilariga mazkur "STesting” loyihasi doirasida yaratilayotgan videolardan amalda qay tartibda foydalanish kerakligi ko‘rsatilib, tushuntirish berildi.
Xorazm viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi faoliyati atroflicha o‘rganildi va tanqidiy tahlil qilindi.
Bunda xalq ta’limi xodimlarining malaka darajasi, bilimi, ilmiy-pedagogik salohiyati, ish tajribasi, psixologik tayyorgarligi va individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasiga mos keladigan tabaqalashgan malaka oshirish dasturlari bo‘yicha o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
An’anaviy malaka oshirish bilan bir qatorda, kasbiy o‘qitishning uyg‘unlashgan, ish jarayoni bilan birgalikda olib boriladigan, masofaviy va boshqa turlari joriy etilishi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Endilikda joriy etiladigan «Uzluksiz kasbiy ta’lim» maxsus elektron platformasi faoliyatini yuritish, malaka oshirish tashkilotlari bilan birgalikda qayta tayyorlash, malaka oshirish kurslari o‘quv modullari kontentini markazlashtirilgan tarzda ishlab chiqish va platformaga kiritilishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Markaz faoliyati sarhisob qilinib, bugunga qadar amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, mavjud kamchiliklar bo‘yicha tavfsiyalar berildi. Markaz mutaxassislariga malaka oshirishdagi kontentlar mazmunini yangilash, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifa va «Yo‘l xaritasi»ni belgilab olish topshirildi.
O‘zA