Maktabni maktab qiladigan kuch o‘qituvchilardir...
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir.
Shuning uchun O‘zbekistonda ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablag‘lar yo‘naltirilmoqda.
Albatta, jamiyat hayotini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo ta’lim tizimidan, bog‘cha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanadi. Chunki maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ta’lim va tarbiyaning asosi, bu – maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa o‘qituvchilardir.
Prezident maktablari g‘oyasi ota-onalar va o‘quvchilarning fanga bo‘lgan qiziqishini shu qadar oshirdiki, o‘tgan yili har bir o‘rin uchun 100 dan ortiq nomzod hujjat topshirdi (ma’lumot o‘rnida: bu yil bir o‘ringa nomzodlar soni 200 dan ortib ketdi).
Shundan so‘ng muhtaram Prezidentimiz iqtidorli yoshlarni qamrab olish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab, ularda mamlakatimizning iqtidorli yoshlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi yaratiladigan ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etishga qaror qildi.
Joriy yilning 14 aprelida imzolangan 106-sonli Farmon bilan ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etishda yagona yondashuvni shakllantirish, ushbu maktablar tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ta’lim jarayoniga malakali rahbar va pedagog kadrlarni jalb qilish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish vazifasi belgilandi. Ushbu vazifa Prezident ta’lim muassasalari agentligiga topshirildi.
Ta’lim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, o‘qitish metodlari, ta’lim standartlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yangilash zarurligi, bilim berishda ilg‘or xorijiy tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy an’ana va qadriyatlarga suyanish vazifa qilib belgilandi.
Viloyatlarga tashrifimiz davomida 500 dan ortiq maktablar orasidan 193 ta maktab tanlab olindi. Bu maktablardan joriy yilda 168 ta ixtisoslashtirilgan maktab (shundan 24 tasi ixtisoslashtirilgan tipdagi maktab-internatlar) tashkil etilmoqda.
Davlatimiz rahbari yana bir muhim masalaga e’tibor qaratdi. Gap ixtisoslashtirilgan maktablarni malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlashdan iborat. Bilamizki, ta’lim dasturlari, baholash tizimi va malakali o‘qituvchilar ta’lim sifatining kafolati hisoblanadi. Bu borada ham qator ishlar amalga oshirildi va davom etmoqda.
“Ixtisoslashtirilgan maktab degani 2 soat ko‘p dars o‘tish degani emas. Unda bolalar maxsus fan bo‘yicha to‘liq bilimga, keng dunyoqarashga ega bo‘lishi zarur. O‘quvchilarda milliy ruh, vatanparvarlik hissi baland bo‘lishi kerak”, degan edi prezidentimiz.
bugungi kunda ixtisoslashtirilgan maktablar uchun malakali pedagoglarni tanlashning uch bosqichli tizimi ishlab chiqilib, malakali o‘qituvchilar tanlab olindi, o‘quvchilar bilimini baholashning yangi tizimi ishlab chiqilib, hozirda barcha hududlarda ushbu tizimni joriy etish, yangi, zamonaviy pedagogik metodlar bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish yuzasidan seminar-treninglar o‘tkazilmoqda.
Sifatli bilim berish bilan birga yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash ham muhim vazifalarimizdan biridir. Bu borada ham vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha maqsadlarni belgilab oldik.
Ushbu mas’uliyatli vazifani amalga oshirishda agentlikning har bir xodimidan tortib tizimdagi barcha maktablarimizning har bir o‘qituvchisidan tom ma’noda mustahkam iroda, o‘z ishiga sadoqat va fidoyilik, vatanparvarlik, xolislik va halollik, mashaqqatli mehnatga chidamlilikni talab etadi.
Davlatimiz rahbari ta’lim sifatini xalqaro talablar darajasiga ko‘tarish barchamiz uchun hayot-mamot masalasi ekanini qayta-qayta ta’kidladi. Shunday ekan, bu sohadagi islohotlarni keyinga surishga haqqimiz yo‘q.
"Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida"gi qaror ta’lim borasidagi islohotlar sari dadil qadam bo‘ldi.
Hilola Umarova,
Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori