Maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati qanday?
Har bir insonning hayotida umumiy o‘rta ta’lim muhim va hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Maktabda olgan bilimlarimiz, ta’lim-tarbiyamiz butun hayot yo‘limizni yoritishga xizmat qiladi. Shu bois ham ta’lim tizimi doimo alohida e’tiborda bo‘lib keladi.
bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim tizimini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, maktab o‘quvchilarining bilimi va ko‘nikmalarini shakllantirish, darsliklar, o‘quv metodik qo‘llanmalarni zamon talablari asosida takomillashtirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ilg‘or xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan Milliy o‘quv dasturini maktab ta’limiga to‘laqonli joriy etish doirasida 296 nomdagi yangi zamon darsligi, shu jumladan, 189 ta darslik, 50 ta mashq daftari, 57 ta metodik qo‘llanma va darslikning mobil ilovalari yaratildi.

Ushbu yangi zamon darsliklarini ishlab chiqishda YUNISEF tashkiloti, Cambridge University Press va Oxford University Press nashriyot uylari hamda Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya, Finlyandiya, Rossiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning 21 nafar xalqaro eksperti jalb qilingan.
bugungi kunda xalq ta’limi tizimidagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabida 6,2 million o‘quvchiga 500 ming nafardan ortiq o‘qituvchilar ta’lim berib kelmoqda. Ularning bilim va kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan ishlar natijasida toifaga ega o‘qituvchilar soni 220 ming 110 nafardan 302 ming 995 nafarga yetdi.
Aholiga qulayliklar yaratish, ortiqcha ovoragarchiliklar va korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida Toshkent shahri va viloyat markazlarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron dastur orqali (my.maktab.uz) amalga oshirilmoqda. 2022/2023 o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 1-sinfiga 707 ming 146 nafar o‘quvchini qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, 2022 yil 11 avgust holatiga 649 ming 817 nafar o‘quvchi qabul qilingan.
Joriy yilda xalq ta’limi tizimida davlat dasturlari asosida 788 ta, «Ochiq byudjet» platformasi orqali 873 ta umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim muassasasidagi ichki tartib va odob-axloq qoidalari rasmiy veb-sayt hamda “my.maktab.uz” axborot tizimiga joylashtirildi. Umumta’lim maktablarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Ushbu ma’lumotlar kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida aytib o‘tildi. Unda Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidovning «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlarini sifatli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axboroti eshitilar ekan, deputatlar umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yangi avlod darsliklari va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash ishlarini yakuniga yetkazish bo‘yicha qator takliflar berdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA