Maktabdan tashqari ta’lim: muammo va yechimlar
Sirdaryo viloyati Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida “Maktabdan tashqari ta’lim: muammo va yechimlar” mavzusida ikki kunlik Respublika forumi ish boshladi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim muassasalari sohasidagi bugungi kun muammolari va o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasidagi rahbar va pedagog kadrlarning menejerlik qobiliyatini rivojlantirishdan iborat.
Forumda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Shavkat Zayniddinov, Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari D.Rahimova, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) A.Yunusova, Oliy Majlis deputati, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari M.Baratova, Respublika Bolalar kutubxonasi rahbari D.O‘rolov, Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori S.Mahmudova va boshqa mas’ul vazirlik va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
[gallery-11964]
– Barchamizga yaxshi ma’lum, o‘quvchilarning barkamol shaxs bo‘lib yetishishlarida maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining ham o‘rni beqiyos. Shu ma’noda bugungi tadbir davomida maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirish hamda ularga o‘quvchi-yoshlarni jalb etish bo‘yicha aniq rejalarni belgilab olishimiz zarur, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova. – Bunda bolalarning ehtiyojlari hamda zamon talablari asosida ularning bo‘sh vaqti va dam olishini tashkil etish uchun davlat va nodavlat tashkilotlari bilan uzviy hamkorlik, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasiga suyanish asosiy vazifamizdir.
Anjuman dasturidan “Konstitutsiya – bosh qomusimiz”, “Boshqaruv psixologiyasida rahbarlik va liderlik jihatlari” hamda “Moliyaviy savodxonlik” mavzularida seminarlar, Sirdaryo viloyati “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyatini o‘rganish kabi tadbirlar o‘rin olgan.
Sh.SUYAROV, Sh.ORTIQBOEV (surat), O‘zA.