Maktab endi tugayapti, talabalik esa naqd
FOTOREPORTAJ
Qarshi shahridagi 5-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Shahrizoda Aralova ingliz tilini bilish darajasini baholash xalqaro tizimi (IELTS) sertifikatiga ega, bu boradagi sinovda 5,5 ball to‘plagan. Shuningdek, u umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha imtihonda ham qatnashib, ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat olgan.
Demak, bu iqtidorli o‘quvchida IELTS sertifikati uchun kelgusida OTMga o‘qishga kirishda Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida belgilangan imtiyozdan foydalanish huquqi mavjud. Ya’ni, u ingliz tilidan test sinovida qatnashmasdanoq, ushbu fan bo‘yicha to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ballni oladi. Unga yana hukumatning abituriyentlarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish test sinovini takomillashtirish maqsadida qabul qilingan “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ona tili va adabiyot fani bo‘yicha sertifikatidagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan ball beriladi.
[gallery-7117]
–Quvonarlisi, Shahrizoda Aralova singari o‘quvchilarimiz safi yildan-yilga kengayib borayapti, - deydi maktab direktori Laziz Xolov. – Joriy yilgi bitiruvchilarimizdan to‘qqiz nafari ayni paytda ingliz tilini bilish darajasini baholash tizimi bo‘yicha tegishli sertifikatni qo‘lga kiritgani bunga yaqqol dalil bo‘la oladi. Bundan tashqari, to‘rt nafar 11-sinf o‘quvchimiz allaqachon OTMga kirish masalasini hal qilib qo‘yganini alohida mamnuniyat bilan qayd etishni istardim. Ulardan uch nafari onlayn imtihonlar asosida birvarakayiga poytaxtdagi Britaniya menejment universiteti (British Management University) va AQSHning Vebster (Webster) universiteti Toshkent filialida o‘qish uchun taklif olgan bo‘lsa, bir nafari Xalqaro raqamli universitet (International Digital University) talabasi bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Albatta, yurtimiz yoshlari mukammal ta’lim olishi, iqtidorini namoyon qilishi uchun imkoniyatlar ortib borayotgani keyingi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mevasidir. Bundan unumli foydalanayotgan o‘g‘il-qizlar esa buyuk kelajakka ishonch bilan boqayotgan shu mustaqil yurt farzandlaridir.
– Kelgusida ta’limni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida davom ettirishni niyat qilganman, - deydi maktabning bitiruvchi sinf o‘quvchisi Mohiniso Ibodova. – Shu maqsadimga erishish uchun harakatni avvalroq boshladim. Ingliz tilini bilish darajasini baholash xalqaro tizimi talablari asosida imtihon topshirib, 7,5 ball to‘plagan holda IELTS sertifikatini oldim. Demak, tanlagan yo‘nalishimdagi asosiy fan bo‘yicha masala hal. Qolgan fanlar bo‘yicha ham tayyorgarlikni davom ettirayapman.
Mubolag‘asiz, bu yoshlariga havasing keladi. Ularning jahon standartlari asosida bilim olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berayotgan yurtning esa, shubhasiz, kelajagi buyuk.
Jamshid NORQOBILOV (surat),O‘zA