Makka kelishuvi: Islom dunyosida yangi geosiyosiy muvozanat shakllanyaptimi?
Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston o‘rtasida 7-avgust kuni Makkai Mukarramada imzolangan “Makka qo‘shma mudofaa kelishuvi” tahlilchilar tomonidan harbiy bitimdan ko‘ra, keng qamrovli siyosiy xavfsizlik, mintaqalardagi kuch muvozanati, strategik mustaqillik va Islom dunyosida yangi hamkorlik shakliga tug‘ilgan ehtiyoj sifatida baholanyapti. Kelishuvni Jahon musulmon ulamolari uyushmasi qo‘llab-quvvatlab, barcha musulmon davlatlarini ham jarayonga qo‘shilishga chorlashi esa tashabbusga yanada keng ma’no bermoqda.
Xalqaro tizim xavfsizligiga oid eski kafolat qayta ko‘rib chiqilayotgan bir payt uch yirik davlat umumiy mudofaa mexanizmini yaratishga intilishi tasodif emas. Yaqin Sharqdagi keskinlik, mintaqaviy raqobat va tashqi kuchlarga qarshi kurash usullari davlatlarni o‘z imkoniyatiga tayangan holda yangi mexanizmlar izlashga undamoqda.
Mazkur bitim a’zolar bir-birini harbiy jihatdan to‘ldirishiga asoslangan. Boshqacha aytganda, Turkiya harbiy texnologiyasi va mudofaa sanoati, Pokistonning harbiy salohiyati, Saudiyaning iqtisodiy imkoniyati bir nuqtada birlashmoqda.
Anqara nuqtai nazari bo‘yicha loyihaning ahamiyati faqat Yaqin Sharq bilan cheklanmaydi. Zero, ushbu mamlakat so‘nggi yillarda mudofaa sanoatidagi salohiyatini sezilarli darajada oshirdi. Dron, raketa texnologiyasi, harbiy kema, elektron tizim kabi muhim mudofaa mahsulotlari Turkiyaning tashqi siyosiy maydondagi o‘rnini tobora kuchaytirmoqda. Shu bois Saudiya va Pokiston bilan yaqin mudofaa hamkorligi mudofaa sanoati uchun yangi bozor, qo‘shma ishlab chiqarish va texnologiya almashinuvi imkoniyatini kengaytiradi. Yana bir muhim jihat bor: mintaqa bo‘ylab qaror qabul qilish jarayonida mustaqil strategik markaz rolini kuchaytirish. Ya’ni Turkiya shu orqali faqat sherik emas, balki yangi mintaqaviy xavfsizlik manzarasining asosiy figurasi bo‘lishga harakat qilishi mumkin.
Saudiya uchun asosiy masala - xavfsizlik. Ulkan iqtisodiy resursga ega bo‘lsa-da, bu davlatning geografik joylashuvi mintaqaviy xavf ta’sirida qolish ehtimolini oshiryapti. Demak, kuchli milliy mudofaa bilan bir qatorda, ishonchli strategik sheriklarga ega bo‘lish ham muhim. Turkiya bilan harbiy-texnologik hamkorlik, Pokiston bilan an’anaviy mudofaa aloqasi va uch tomonlama shakl mamlakatga xavfsizlik imkoniyatini yaxshilash imkonini beradi. Qolaversa, Ar-Riyod tashqi xavfsizlik kafolatiga to‘liq tayanish o‘rniga, mintaqadagi musulmon davlatlari bilan strategik aloqani mustahkamlashga intilayotgandek.
Pokiston esa alohida masala. Ya’ni, mazkur o‘lka harbiy salohiyati bilan yaqqol ajralib turadi. Islomobodning Saudiya bilan strategik munosabati avvaldan shaklangan. Turkiya bilan ham mudofaa va harbiy-texnologiya sohalarida yaqin aloqa mavjud. Uch tomonlama shakl esa Pokiston uchun amaldagi sheriklikni yanada kengaytiradi. Eng muhimi, Pokiston rasmiylari kelishuvni mudofaa xususiyatiga ega mexanizm sifatida ta’riflab, boshqa davlatlar uchun ham ochiq maydon sifatida ko‘rsatmoqda.
Ayni holat muhim maydon kelajakda kengayishi haqidagi taxminni kun tartibiga olib chiqadi. Keyinchalik boshqa musulmon davlatlari qo‘shilishi hisobiga umumiy harbiy mashg‘ulot, mudofaa sanoati loyihalari, razvedka ma’lumoti almashinuvi va qo‘shma xavfsizlik mexanizmi shakllansa, mazkur tashabbus asta-sekin mintaqaviy xavfsizlik tizimiga aylanishi ehtimoli yuqori.
Jahon musulmon ulamolari uyushmasi ham aynan shu nuqtaga urg‘u bermoqda.
Tuzilma tomonlarni qo‘llab-quvvatlar ekan, loyihani siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy va taraqqiyot sohalariga ham kengaytirish zarurligini ta’kidlayapti. Shuningdek, musulmon davlatlariga qarata jarayonga qo‘shilish to‘g‘risidagi chaqiriqning amaliy ahamiyati beqiyos. Zero, Islom dunyosida ulkan bozor, sarmoya jamg‘armalari, texnologiya sherikligi, mudofaa sanoati kooperatsiyasi, ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqot uchun ulkan salohiyat mavjud. Ya’ni, davlatlarning umumiy siyosiy irodasi bilan xavfsizlik sohasida boshlangan sheriklik keng va izchil iqtisodiy integratsiyaga ham turtki beradi.
Bu jarayondagi asosiy to‘siq, ta’bir joiz bo‘lsa, jiddiy muammo Islom dunyosi ichidagi ayrim tafovutlardir. Musulmon davlatlarining tashqi siyosati bir xil emas, milliy manfaati, iqtisodiy modeli, mintaqaviy raqobat va tashqi kuchlarga munosabati turlicha. Agar tashabbus uch davlat doirasidan chiqmasa, o‘ta muhim bo‘lishiga qaramasdan, cheklangan mudofaa mexanizmi bo‘lib qolaveradi. Format kengayib, turli sohalarda umumiy mexanizm yaratilsa, Makkada imzolangan hujjat Islom dunyosida yangi geosiyosiy hamkorlik davrini boshlab berishi mumkin.
Nodira Qayumova, O‘zA