Mahsulotlar va xizmatlarning identifikatsiya kodlari soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega
Mamlakatimizda tovar va xizmatlar bozorini shaffoflashtirish, hisob-kitoblarni aniq yuritish hamda soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirishda Mahsulotlar va xizmatlarning identifikatsiya kodlari (MXIK) muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Soliq qo‘mitasi huzurida yuritilayotgan Mahsulot (tovar va xizmatlar) yagona elektron katalogi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda ushbu tizimda jami 423,6 mingta identifikatsiya kodi mavjud. Shundan 422 800 tasi mahsulotlar (tovarlar), 894 tasi xizmatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiyotning deyarli barcha sohalari qamrab olinganini va elektron hisob-kitoblar tizimi izchil ravishda rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning yanvar oyida respublika miqyosida MXIKlardan foydalanish sezilarli darajada oshgan. Xususan, 102,7 mingta korxona tomonidan 3,1 milliondan ortiq elektron hisob-faktura (EHF) rasmiylashtirilib, ularda 52 883 ta MXIK qo‘llanilgan. 141,6 mingta korxona tomonidan berilib, aholiga taqdim etilgan 92,2 milliondan ziyod xarid cheklarida esa 98,8 mingta MXIK ishlatilgan.
Bu raqamlar tadbirkorlik sub’ektlarining elektron hisob-kitoblarga faol o‘tayotgani, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida tartib-intizom kuchayayotganidan dalolat beradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, MXIK tizimi qator muhim vazifalarni bajaradi. Mahsulot va xizmatlarni aniq identifikatsiya qilish, soliq hisobotlarida xatolarni kamaytirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, statistik ma’lumotlarning ishonchliligini oshiradi.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, MXIKdan foydalanish majburiy bo‘lgan sohalar bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda. Bu esa raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, soliq tushumlarini barqaror ta’minlash va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Mahsulot va xizmatlarni identifikatsiya qilish kodlari tizimi nafaqat soliq ma’muriyatchiligini, balki butun iqtisodiy munosabatlar shaffofligini oshirishda muhim vositaga aylanmoqda. Korxonalar tomonidan MXIKdan faol foydalanish esa raqamli islohotlarning amaldagi samarasini yaqqol namoyon etmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA