Mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortmoqda
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi “Aziya ekselen” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan elektrodlar hududdagi qurilish tashkilotlariga buyurtma asosida yetkazib berilayotir.
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi “Aziya ekselen” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan elektrodlar hududdagi qurilish tashkilotlariga buyurtma asosida yetkazib berilayotir.Prezidentimiz rahnamoligida yaratilayotgan qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhiti samarasida iqtisodiyotimizga kiritilayotgan xorijiy sarmoyalar hajmi ortib bormoqda. Investitsiya dasturlari asosida joylarda yangi korxonalar ishga tushirilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etilishi aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Ilgari qurilish uchun zarur bo‘lgan elektrodlar xorijdan keltirilar edi. Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha elektrodlarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkonini berdi.
– Korxonamizda zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlanayotgan sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ichki bozorga chiqarilmoqda, – deydi qo‘shma korxona rahbari H.Abdullayev. – Loyihaning amalga oshirilishi bilan yigirmadan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Mahalliy xomashyo asosida mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.