Mahoratli gimnastikachilar kamol topayotgan maskan
Bugungi kunda mamlakatimizda sportni rivojlantirish, bolalar, ayniqsa, qizlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishiga sharoit yaratish yuzasidan tizimli ishlar qilinmoqda.
Buning samarasida yurtimizda barcha sport turlari qatori badiiy gimnastika, sport gimnastikasi jadal ommalashdi. Badiiy va sport gimnastikasi bilan shug‘ullanuvchi bolalar soni keyingi besh-olti yilda keskin oshgani quvonarlidir.
Ayniqsa nafosat, nazokat va go‘zallik timsoli bo‘lgan badiiy gimnastika sport turi qizlarning jismonan sog‘lom, irodasi mustahkam, dunyoqarashi keng insonlar bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.
Gimnastika federatsiyasi tomonidan barcha viloyatlarda federatsiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, muntazam o‘tkazib kelinayotgan hududiy va respublika musobaqalari iqtidorli sportchilarni aniqlash, mamlakatimizda gimnastikani yanada ommalashtirish imkonini bermoqda.

Musobaqalarda chiniqqan sportchilarimiz jahon va qit’a chempionatlari, Osiyo va Olimpiya o‘yinlari, nufuzli turnirlarda munosib ishtirok etmoqda.
Ana shunday iqtidorli yoshlarni voyaga yetkazishda poytaxtimizda joylashgan Gimnastika bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabining o‘rni beqiyos. Shu kunlarda mazkur maktabga kirish uchun imtihonlar o‘tkazilmoqda. Unda jami 57 nafar bolalar imtihonda ishtirok etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish lozimki, 57 nafar yosh sportchilardan badiiy gimnastika bo‘limiga 6 nafar, gimnastika va tramplin sport yo‘nalishiga uchtadan o‘g‘il va qizlar qabul qilinadi.
Umid qilamizki, ushbu maktabga qabul qilingan yosh gimnastikachilar mahoratli murabbiylar qo‘l ostida shug‘ullanib, kelgusida iqtidorli sportchilarga aylanadi va nufuzli musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA